Futbol tarixida shunday o‘yinchilar borki, hatto sport, xususan,  millionlar o‘yinidan ancha yiroq bo‘lgan odamlar ham ularni juda yaxshi taniydi. Har bir davrda iqtidorli va kuchli futbolchilar ko‘p bo‘lgan. Albatta, turli avlod vakillarini bir-biri bilan solishtirish mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi, chunki futbol bir joyda turgani yo‘q va doimiy harakatda. Shunga qaramay, iste’dod baribir iste’dod bo‘lib qolaveradi va ular hech kimning yodidan ko‘tarilmaydi, boisi ular aynan futbol uchun tug‘ilgan. Demak, quyida barcha davrlarning eng yaxshi futbolchilari haqida fikr yuritiladi.

Frans Bekkenbauer

Foto: “Bavariya”

Frans Bekkenbauer barcha davrlarning eng yaxshi himoyachisi hisoblanadi. Futbolchi o‘zining eng yaxshi yillarini “Bavariya” safida o‘tkazgan va u bilan birgalikda to‘rt marta mamlakat chempionligini qo‘lga kiritgan. Bundan tashqari, u Yevropa Chempionlari Kubogini ham uch bora boshi uzra baland ko‘targan. Bekkenbauerning terma jamoadagi faoliyati ham klubdagidan aslo qolishmaydi, jamoa uning ishtirokida bir martadan Jahon va Yevropa chempioni bo‘lgan. Frans o‘yinning borishini mukammal o‘qiy olar, raqiblarning hujumdagi harakatlarini esa ortiqcha qiyinchiliklarsiz bartaraf etib, o‘z jamoasi hujumini boshlab berardi.

Alfredo di Stefano

Foto: Google Images

Alfredo di Stefano — o‘tgan asrning o‘rtalarida Argentina, Kolumbiya va Ispaniyaning bir qator klublarida o‘ynab, yulduzlik darajasiga chiqqan tom ma’nodagi futbol sehrgari edi. Futbolchi o‘zining eng yaxshi o‘yilarini Madridning “Real”ida o‘tkazgan (396 o‘yin, 307 ta gol) va o‘sha davrda hech shubhasiz millionlar o‘yini jamoatchiligining eng obro‘li figurasiga aylangandi. Alfredo di Stefano tabiatan baquvvat bo‘lmasa-da, maydonda juda faol edi. Goh hujumda, goh markaz va himoyada paydo bo‘lib qolardi, bu esa o‘sha davr uchun haqiqiy inqilob hisoblanardi. Futbolchi juda chidamli bo‘lib, ikki oyog‘i bilan yaxshi o‘ynay olar, texnika borasida esa uning oldiga tushadigani yo‘q edi.

Yoxan Kroyf

Foto: Vbet News

Niderlandiyalik charm to‘p ustasi futbolda eng katta inqilob yasaganlardan biridir. U “Ayaks”dagi faoliyati davomida “total futbol” tushunchasini millionlar o‘yiniga joriy etgandi. Kroyf maydonda bamisoli qalam tutgan shoir kabi edi, u shunchaki futbol o‘ynamasdi, balki ijod qilardi. Faoliyatida davomida 3-marta “Oltin to‘p” sohibi bo‘lgan, 1974-yilgi Jahon Chempionatida esa  finalga qadar yetib borgan. Kroyf 1970-yillarda “Ayaks” Yevropada ustunlik qilgan vaqtlarda uning tom ma’nodagi yuragi edi.

Diyego Maradona

Foto: Google Images

O‘zgaruvchan va janjalkash Maradona futbol standartlari bo‘yicha past bo‘yli bo‘lishiga qaramay, himoyachilarni dog‘da qoldirish unga ish emasdi. Maradona Argentina terma jamoasi sardori sifatida 1986-yilgi yilgi Jahon Chempionatida g‘olib chiqqan. Yevropadagi faoliyati davomida u shu darajada mashhurlikka erishdiki, hatto bu uning o‘ziga ham og‘irlik qila boshladi. Natijada u ichkilik va giyohvand moddalarga ruju qo‘ydi. Ishkallar va xurmacha qiliqlariga qaramay, Diyegoni butun dunyo futbol muxlislari hamon ardoqlaydi. Shu bois ham u mazkur ro‘yxatdan o‘rin olgan.

Pele

Foto: BolaSkor

Nafaqat futbol, balki futbol jamoatchiligi ham Pele kabi o‘yinchini ko‘rmagan. Braziliyalik maydonda mislsiz topqirlik va mahorat bilan harakat qilardi. U professional faoliyatini atigi 15 yoshida boshlaydi, 16 yoshda esa terma jamoada debyut qiladi. Pele futbol tarixida 3-marta Jahon Chempionatida g‘alaba qozongan yagona futbolchi hisoblanadi. U faoliyati davomida 1129  ta gol urgan. Bu rekordni esa hali hech bir futbolchi buza olgani yo‘q.

Ronaldo

Foto: SportsHeroes

Yana bir braziliyalik hujumchi futbol tarixidagi eng zo‘rlaridan biri hisoblanadi. U ikki martadan Jahon Kubogi, Amerika Kubogi va “Oltin to‘p” sohibi sanaladi. Afsuski, ular orasida birgina Chempionlar Ligasi bosh sovrini yo‘q. Faoliyati davomida Ronaldo PSV, “Barselona”, “Inter”, “Real”, “Milan” jamoalarida to‘p surgan. Braziliya tarkibida esa u 98 uchrashuvda 62 ta gol urishga erishgan. Shundan 15 tasi Jahon Chempionatiga to‘g‘ri keladi. Jahon Chempionatidagi gollar soni bo‘yicha faqatgina Miroslav Kloze undan oldinda.

Zinedin Zidan

Foto: Getty Images

Zidan Yevropaning barcha davrlardagi eng yaxshi o‘yinchisi ekanligiga hech qim shubha qilmasa kerak. Zidan haqida gap ketar ekan, futbol ishqibozlari beixtiyor uning faqat o‘zigagina xos bo‘lgan noodatiy harakatlarini eslaydi. Uning to‘p bilan harakatlari shunchalik nafis ediki, xuddi to‘pga zarar yetkazib qo‘yishdan qo‘rqayotgan odamni eslatardi. Uch karra “Oltin to‘p” sohibi va Jahon Chempioni faoliyati davomida “Yuventus” va  “Real” kabi katta klublar yetakchisi bo‘lgan. Zizu murabbiy sifatida ham daho ekanligini isbotlay oldi. U Chempionlar Ligasida ketma-ket 3-marta g‘alaba qozongan yagona murabbiy hisoblanadi.

Krishtianu Ronaldu

Foto: Twitter

Ronalduning mashhurligi allaqachon futboldan tashqariga chiqishga ulgurgan. Agar u va uning oddiy bo‘lmagan hayoti, shaxsiy sovrinlari, xayriyalari haqida gapirilsa, soatlar, kunlar kerak bo‘ladi. U deyarli har bir o‘yinda yo rekord o‘rnatadi yo borini yangilaydi. Ronaldu futboldagi eng nufuzli mukofot — “Oltin to‘p”ni 5 marta o‘ziniki qilgan. Bundan tashqari, u 5 karra Chempionlar Ligasi g‘olibi hisoblanadi. Terma jamoa safida esa Krish Millatlar Ligasi va Yevropa chempionati bosh sovrinini boshi uzra baland ko‘targan.

Lionel Messi

Foto: Getty Images

“Oltin to‘p”lar soni bo‘yicha Ronalduni bittaga ortda qoldirayotgan Messi qo‘lga kiritish mumkin bo‘lgan shaxsiy sovrinlarning barchasini o‘ziniki qilishga ulgurgan. U haqida ortiqcha gapirish xuddi uning iqtidoriga shubha qilayotgandek taassurot uyg‘otadi go‘yo. Uning faoliyatida yagona dog‘ bor va bu Messiga sira tinchlik bermaydi: U Argentina terma jamoasi bilan hech narsaga erishmagan. Biroq bu uning iqtidoriga shubha qilish uchun sabab bo‘la olmaydi va buni Messi deyarli har bir uchrashuvda isbotlaydi. Axir bejizga uni “o‘zga sayyoralik” deyishmaydi-ku.

                                                                                                                                                           Bilol ERKIN tayyorladi