COVID-19 pandemiyasi va “Santyago Bernabeu”da olib borilayotgan qurilish ishlari natijasida yuzaga kelgan moliyaviy tushkunlik “Real”ning Florentino Peres davrida ilk marta transfer bozorida umuman ko‘rinmasligiga sabab bo‘ldi. Shunday ekan, “qirollik klubi” yangi mavsumda chempionlikni yangi futbolchilarsiz himoya qilishi kerak (Chempionlar Ligasi ham bor). Demak, quyida Zidan hal qilishi kerak bo‘lgan beshta (jiddiy) masala haqida fikr yuritiladi.

Zinedin Zidan 2019/20-yilgi mavsumda o‘z ixtiyorida bo‘lgan jamoa bilan yana bir kampaniyani o‘tkazishi kerak, buning ustiga jamoani bir nechta yulduz futbolchilar tark etdi. O‘tgan mavsumda jamoa Chempionlar Ligasida muvaffaqiyatsizlikka uchradi, tarkibni kuchaytirish uchun esa yangi shartnomalar imzolanmadi. Endilikda Zidan Arsen Venger ta’biri bilan aytganda “ichki yechimlar”lar ustida bosh qotirishi kerak bo‘ladi.

Kazemiroga o‘rinbosar yo‘qligi

Foto: Twitter

“Real”ning yozgi transferlardagi asosiy maqsadlaridan biri Kazemiroga o‘rinbosar topishdan iborat edi. Bunga esa yetarlicha sabablar bor: braziliyalik o‘tgan mavsumda “Real” safida eng ko‘p daqiqa o‘tkazgan futbolchi bo‘ldi – 4080. Uning jarohat va diskvalifikatsiyalari esa Zidanni qiyin vaziyatlar tushirib qo‘ydi. Zidan uni muhim o‘yinlarga asrash uchun zaxirada qoldirgan o‘yinlarda jamoa muvaffaqiyatsizliklarga uchrardi.

Ushbu bo‘shliqni to‘ldirish uchun esa klub Eduardo Kamavingani variantini ko‘rib chiqayotgandi. Biroq barcha sohalarda bo‘lgani kabi pandemiya bu rejani amalga oshirishga to‘sqinlik qildi. Zidan Kazemiroga alternativ variantsiz yangi mavsumga kirishdi. To‘g‘ri, ushbu pozitsiyada uning o‘rnini to‘ldirishi mumkin bo‘lgan Valverde bor, biroq Kazemironing maydonda bajaradigan foydali ish koeffitsiyenti yosh Valverdenikidan ancha yuqori turadi.

Faqat Benzema gol urmoqda

Foto: Twitter

Karim Benzemaning gollari “Real”ga La Liga chempionligiga olib keldi, chunki Eden Azar, Vinisius Junior, Garet Beyl, Marko Asensio va Iskoning hissalari jarohat yoki yomon sport formasi tufayli unikiga teng kela olmaydi. Fransuz hatto mavsum so‘ngiga qadar Pichichi sovrini (Marca gazetasi tomonidan mavsumning eng yaxshi to‘purariga topshiriladigan mukofot – “Daryo”) uchun kurashdi. Shu tariqa muxlislar nihoyat yillar davomida Ronalduning soyasida o‘z darajasida o‘ynay olmagan, goleadorni ko‘rdi.

Biroq unga deyarli raqobatchi yo‘q, o‘tgan yili xarid qilingan Luka Yovich o‘ziga bildirilgan ishonchni oqlolmayapti. “Ayntraxt”dagi Yovichdan asar ham yo‘q. Ushbu muammoni hal etish uchun klub rahbariyati Holand, Mane, Mbappe va bir qator boshqa nomdor hujumchilar nomzodini ko‘rib chiqdi, biroq pandemiya sabab bularning barchasi mish-mishligicha qolib ketdi.

Shunday ekan, Zidan joriy mavsumda qanday bo‘lmasin Yovichni qayta sozlash yo‘lini topishi kerak (majburligidan), aks holda Benzema yana “qaymoqranglilar”ni bir o‘zi tortishi kerak bo‘ladi.

Ikki yildan beri tanib bo‘lmayotgan Isko

Foto: Goal

O‘tgan transfer oynalarida tez-tez sodir bo‘lganidek, Iskoning “Bernabeu”ni tark etishi bilan bog‘liq mish-mishlar ko‘p bo‘ldi, ammo aslida takliflar bo‘lmagani va futbolchining o‘zi ham issiq joyidan ketishni istamagani ma’lum bo‘ldi. Takliflar, asosan, uning formasiga bog‘liq, va shuni aytish kerakki, avvalgi “texnar” haqiqatan ham ikki yildan beri o‘z darajasida o‘ynay olmayapti.

Zidan har doim ham Iskoni o‘zining ishonchli o‘yinchisi sifatida ko‘rmagan, ammo u bu mavsumda ispaniyalik futbolchidan maksimal darajada foydalanishga harakat qilishdan boshqa iloji yo‘qligini yaxshi tushunib turibdi. Madrid klubi aynan ushbu mavsumda Iskoning paslari va tajribasiga ehtiyoj sezadi. Undan qanday foydalanish esa faqat va faqat Zidanga bog‘liq.

O‘ng qanot himoyasidagi muammolar

Foto: Twitter

Kazemironing tayanch zonasidagi “monopoliya”si himoyaning o‘ng qanotida ko‘p yillar davomida yuqori darajada o‘ynagan Dani Karvaxalning shaxsida takrorlanadi, u shunchaki bu pozitsiyani o‘ziniki qilib olgan. Biroq yillar o‘z so‘zini aytmoqda va u ko‘p jabhalarda yosh va g‘ayratli hujumchilarga qarshilik ko‘rsata olmayapti. Karvaxalning o‘zi ham o‘rinbosar topilsa, bundan norozi bo‘lmagan bo‘lardi. Bu holatda Alvaro Odriosolaga “Bavariya”dagi ijaradan so‘ng yana bir imkoniyat beriladi, agar Lukas Vaskes (yarim himoyachi) Qatarga ko‘chib o‘tmaydigan bo‘lsa, himoyaviy rolda sinab ko‘rilishi mumkin.

Azar va uning jarohat(lar)i

Foto: Twitter

Peres Ronaldu “Yuventus”ga ketib qolganidan so‘ng, Azarni olib kelib, muxlislar oldida yuzini yorug‘ qilib, biroz tin olgandi. Ammo belgiyalik futbolchining Ispaniyadagi debyut mavsumi tom ma’noda yomon tush kabi o‘tdi, uni yil davomida to‘pig‘idagi jarohatlar tinch qo‘ymadi.

Hozirda ko‘pchilik Azarning “Chelsi”dagi formasini tiklay olishiga shubha qilmoqda. U juda ko‘p va qayta-qayta jarohat oldi. Yoshi esa allaqachon 30 ga yaqinlashib qolgan. Belgiyalik futbolchi dastlabki ikki turni o‘tkazib yuborishga ham ulgurdi. Zidan esa hamon uning tiklanishiga umid qilmoqda.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, Azar o‘yin tizginini butkul o‘zgartirib yubora oladigan va jamoa u uchun o‘ynaydigan futbolchilar sirasiga kiradi. Agar u qaytadigan bo‘lsa, Madridni yana Yevropaning eng kuchli jamoasiga aylantirishga qodir.

“Real”ni hech kimni sotib olmagani hamda Vinisius va Rodrigoga hali to‘liq ishonib bo‘lmasligini hisobga olib, Galaktikosda o‘z tibbiy xodimlariga ishonishdan boshqa chora yo‘q.