Lempard nihoyat niyatiga yetdi

Foto: “Chelsi”

Kai Haverts va Timo Vernerning olib kelingani yaxshi, ammo “Chelsi” muxlislari butun yoz davomida boshqa transferni kutdi, bu Kepaning o‘rnini bosa oladigan yangi top-darajadagi darvozabon. Yangi mavsumdagi dastlabki ikki o‘yin esa bu qo‘rquvning qanchalik asosli ekanini isbotlab berdi.

Muammoni hal qilish uchun bir vaqtlar Petr Chex o‘ynagan “Renn” (Fransiya) klubidan 28 yoshli senegallik Eduard Mendi Londonga olib kelindi. Buning uchun “aristokratlar” rahbariyati bonuslar bilan birga 27 million yevro sarfladi.

Nega “Chelsi” top-darvozabon sotib olmadi?

Yozda “Chelsi”ning ko‘plab darvozabonlar bilan aloqa qilayotgani haqida mish-mishlar tinmadi. Oblak, Donnarumma, Onana, Henderson, Nik Poup. Hatto Jo Hartga taklif bilan chiqilgani, ammo Angliyaning sobiq birinchi raqamli posboni “Tottenhem”ni tanlab qo‘ya qoldi.

Biroq The Athletic’ning London klubidagi insayderlarining ma’lum qilishicha, “ko‘klar” o‘ta qimmat variantlarni o‘ylab ham ko‘rmagan va yuqoridagi darvozabonlar haqidagi xabarlar quruq gap, xolos. Boisi “Chelsi” allaqachon Kepa uchun 70 million funt sarflab bo‘lgan va shuning uchun o‘sha vaqtda ular arzonroq va yaxshiroq variantini qidirgan. Mendi transferi esa ayni muddao edi.

Shu bilan birga Mendining sotib olinishi vahimali holat ham emas. Negaki, klub anchadan beri senegallik posbonning muvaffaqiyatlarini kuzatib kelayotgandi. Ikki yil oldin Kepa sotib olinishdan oldin ham Eduard “Chelsi” skautlarining nishoni bo‘lgan. O‘shanda u “Reyms”da o‘ynagan va zaxira o‘rindig‘i uchun yaxshi nomzod sifatida baholangandi.

Qayd etish joiz, Mendi bir necha mavsumda “Renn” (klub o‘tgan mavsumda uchinchi o‘rinni egallab, Chempionlar Ligasiga yo‘l oldi) darajasigacha o‘sa oldi va Fransiya chempionatining eng yaxshi darvozabonlaridan biri hisoblanadi.

Foto: Panoramic

Mazkur transferda bir paytlar ikkalasi ham aynan “Renn”dan “Chelsi”ga kelgan Petr Chex va darvozabonlar shtabi skauti Kristof Lollishonning o‘rni muhim ahamiyat kasb etdi. Eduardning transferi ularning tashabbusi bilan amalga oshdi.

Chex va Lollishon Mendi “Chelsi”ning asosiy posboni bo‘la olish uchun barcha xususiyatlarga ega degan qarorga keldi va bunga Lempardni ishontirdi.

Mendining ustunligi nimada? U deyarli xato qilmaydi

Chex va darvozabonlar skautiga Mendining qaysi jihatlari yoqdi? Mendi – anti-Kepa.

Birinchidan, Eduardning bo‘yi 197 santimetr, bu Kepa va Kabalyerodan 11 santimetrga balandroq degani. Aynan shu omil “Chelsi”ning standartlardagi muammolarini bartaraf etishda yordam beradi. Jamoaning esa bu boradagi ishlari so‘nggi mavsumlarda faqat orqaga ketmoqda. Mendi buydagi ustunligi sabab jarima maydonchasiga yuqoridan oshirib berilgan to‘plarga osonlik bilan ega chiqadi.

Qolaversa, senegallik posbon darvoza chizig‘ida emas, balki xuddi Chex singari me’yordan biroz oldinroqda joylashishni yaxshi ko‘radi.

Ikkinchidan, Mendi darvozabonlar uchun noyob holat bo‘lgan – oyoqlarini yaxshi ishlata oladi. U to‘pni uzoq masoflarga aniq qilib uzatib bera olish qobiliyatiga ega, u yerda esa hech bo‘lmaganda Verner “qochishga” tayyor turgan bo‘ladi.

Foto: Panoramic

Mendi, shuningdek, Liga 1 ning eng ishonchli darvozabonlaridan biri bo‘lgan. O‘tgan mavsumda u o‘z darvozasi tomon berilgan zarbalarning 78 foizini bartaraf etgan (Kepada esa bu ko‘rsatkich 54,5 foizga teng), bu Fransiya chempionatidagi uchinchi eng yaxshi natijadir.

Mendi 24 turda atigi 19 gol o‘tkazib yuborgan, 9 uchrashuvda esa o‘z darvozasini daxlsizligini saqlab qolgan. Opta va xG statistik ma’lumotlariga ko‘ra, “Renn” darvozaboni keragidan 3 taga kamroq gol o‘tkazib yuborgan. Kepada esa bu ko‘rsatkich 11 taga teng.

Mendi haqida Get French Football News nashri muallifi Rich Allen shunday deydi: “So‘nggi bir necha mavsumga nazar tashlaydigan bo‘lsak, Mendi Fransiyadagi eng barqaror va ishonchli darvozabonlaridandir. U asosiy darvozabon ishini juda yaxshi bajaradi. Menimcha, bu ‘Chelsi’ga hozirda juda zarur”.

Mendi bir necha yil ishsiz qolib ketgan va tekinga mashg‘ulot o‘tkazgan

Eduard Fransiyada muhojirlar oilasida tug‘ilgan, onasi senegallik, otasi esa Gvineya-Bisaudan. Futbol bilan shug‘ullanishni u mashhur “Gavr” (Pol Pogba, Ferlan va Benjamin Mendi, Stiv Mandanda aynan ushbu maktabdan yetishib chiqqan) akademiyasida boshlaydi, ammo uning iqtidoriga ishonishmaydi va tez orada maktabdan javob berib yuboriladi.

Shundan so‘ng u uzoq vaqt davomida mahalliy ligalarda o‘ynab yurdi. Ammo u yerda ham Mendi asosiy darvozabon emasdi. Jamoa esa faqat pasga sho‘ng‘irdi.

Shu orada futbol agenti unga Angliyadan jamoa topib berishni va’da qildi. Shuning uchun Mendi fransuz jamoalarining kamtarona takliflarini rad etdi. Biroq agent hech qaysi ingliz klubi bilan kelisha olmadi, natijada darvozabon 22 yoshida klubsiz qolib ketdi.

“Har qanday odam bilan bo‘lgani kabi, futbolchi uchun ham ishsiz qolish dahshat. Takroriy muvaffaqiyatsizliklar esa o‘zidan iz qoldiradi va siz shunchaki bu ish men uchun emasmikan deb o‘ylab qolasiz”, – deya yodga oladi darvozabon o‘sha davrlarni.

Foto: Panoramic

Ammo Mendi taslim bo‘lmadi. Bir yil davomida u “Gavr” bilan bepul mashg‘ulot o‘tkazdi va shundan so‘ng “Marsel” ko‘rigidan o‘tdi. Omadi chopib, “Marsel” bilan havaskorlik shartnomasi bo‘yicha eng kam ish haqi bilan to‘rtinchi darvozabon sifatida jamoaga qabul qilindi va butun mavsumni o‘sha yerda o‘tkazdi. Mendining aytishicha, o‘sha yil unga ko‘p narsa bergan: u professionallar qatorida mashg‘ulot o‘tkazgan va katta o‘sishga erishgan.

“Bu hammasining bejiz emasligi va men hamma narsani to‘g‘ri qilganim hamda kerakli vaqtda sabr qila olganim isboti edi”, – deydi Mendi “Marsel”ga qabul qilingani haqida.

Oxir-oqibat “Marsel”ning to‘rtinchi darvozaboni Liga 2 da ishtirok etadigan “Reyms”ga chaqirildi. U yerda asta-sekinlik bilan asosiy tarkibga kiradi va ajoyib mavsum o‘tkazadi (o‘yinlarning yarimini “quruq” o‘tkazadi) va jamoa bilan Liga 1 yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi. Yuqori diviziondagi birinchi mavsumdan so‘ng (“Reyms” safida 14 ta “quruq” o‘yin) uni “Renn” o‘z safiga qo‘shib oladi. Bir yildan so‘ng esa kimsan Premyer Liga vakili — “Chelsi”.

Mendini juda xotirjam odam sifatida tasvirlashadi: u maydon tashqarisida deyarli ovozini ko‘tarmaydi. “Renn”dagi sobiq jamoadoshlari Eduardning jamoa bilan qanday xayrlashganini aytib berdi: “U judayam kuchli, ammo ketishini aytayotgan vaqtda deyarli yig‘lab yubordi”.

Foto: Panoramic

Mendi haqida yana bir ajoyib fakt: u ikkita terma jamoa safida o‘ynagan. 2016-yilda Gvineya-Bisau terma jamoasining Portugaliya klublariga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvlariga chaqiriladi. Aslida Mendi otasi tufayli chaqiriqqa rozi bo‘lgandi – u o‘shanda og‘ir betob edi va farzandining vatani terma jamoasida ko‘rishni xohlagandi. Shu tufayligina Eduard Gvineya termasida o‘ynashga rozi bo‘ladi.

Ammo u keyingi takliflarni Afrikaning yetakchi jamoasi Senegal safiga kirish uchun keskin rad etadi. Mendi qatnashgan Gvineya-Bisauning o‘rtoqlik o‘yinlari FIFA vakolatlariga kirmagan, shu sababli unda bu borada muammo bo‘lmagan. 2018-yil noyabrda nihoyat Mendi Senegal terma jamoasida debyut qiladi. U shu paytgacha ushbu jamoa tarkibida 7 uchrashuv o‘tkazdi: 6 g‘alaba, 1 mag‘lubiyat, 5 ta “quruq” o‘yin va 2 ta o‘tkazib yuborilgan gol.

Kepaning taqdiri nima bo‘ladi?

Aslini olganda Mendining asosiy darvozabon bo‘lishiga hech qanday kafolat yo‘q. “Chelsi” hali qaysidir darvozabonning asosiy tarkibdan muqim joy olishi haqida qaror qilganicha yo‘q. Ehtimol, Mendining kelishi Arrisabalaga qo‘shimcha motivatsiya berishi, asosiy tarkibdagi joyi uchun qattiqroq kurashishiga turtki berishi ham mumkin.

Avgust oyida Petr Chex intervyularidan birida jamoa yangi darvozabon qidirayotganiga qaramay, Kepaga ishonch bildirilishi haqida gapirgandi. Ammo klub ichidagi manbalarning fikriga ko‘ra, Kepaning holati murakkabroq.

Foto: Panoramic

Arrisabalaganing o‘zi esa Yevro–2021 da o‘ynashni xohlamoqda, shuning uchun unda ijara varianti qolmoqda, xolos. Mendi bilan shartnoma imzolanganidan so‘ng “Roma” Kepani ijaraga olmoqchi ekanligi haqida xabarlar paydo bo‘la boshladi.

The Athletic xabariga ko‘ra, nima bo‘lganda ham Mendi asosiy tarkibdan joy oladi, Lempard Kepaning xatolaridan charchagan va darhol yangi o‘yinchiga imkoniyat beradi. Shunday ekan Premyer Liga muxlislari londonliklarning navbatdagi o‘yinlaridayoq senegallik gigantni ko‘rishi mumkin bo‘ladi.