Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Qashqadaryo viloyatining Kasbi tumani hokimi To‘xtamurod Meyliyev tuman 13 ta ko‘rsatkich bo‘yicha boshqa hududlarga nisbatan past natijani ko‘rsatib, “qizil” hududga tushib qolgani uchun tumanda yashovchi 197 ming aholidan uzr so‘radi. Bu haqda Xalq deputatlari tuman kengashining oltinchi chaqiriq, o‘ninchi sessiyasida ma’lum qilindi deya xabar berdi “Daryo” muxbiri.

To‘xtamurod Meyliyev

To‘xtamurod Meyliyev
Foto: “Daryo”

2020-yil 24-sentabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida hududlarda tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tgandi. Unda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni reyting baholash tizimi joriy etilgani, shunga ko‘ra birinchi marta tuman va shaharlardagi iqtisodiy ko‘rsatkichlar, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash muhiti, infratuzilma va mavjud resurslardan foydalanish darajasi o‘rganilgandi. Tahlillar asosida ulardagi tadbirkorlik rivoji holati “yaxshi”, “o‘rta” va “qoniqarsiz” hududlarga ajratilgan. Xususan, 48 ta tuman va shahardagi holat “yaxshi”, 119 tasida “o‘rta” hamda 33 tasida “qoniqarsiz” deb topilgan.

Mazkur yig‘ilishda sanoat mahsulotlari ishlab chiqish hajmi, eksport ko‘rsatkichlari bo‘yicha Kasbi tumanidagi ahvol qoniqarsizligi tanqid qilingandi.

Sessiyada so‘z olgan tuman hokimi To‘xtamurod Meyliyev 2021-yil 1-yanvarga qadar tumanda ko‘plab ishlarni amalga oshirib, tumanni “qoniqarsiz” hududdan, “o‘rta” hududga olib chiqishga va’da berdi.

Hokimning ta’kidlashicha, “Indorama agro” MChJ tomonidan 2020-yilda 61 ming tonna 200 milliard so‘mdan ortiq paxta xomashyosi qayta ishlanib, sanoat mahsulotlari ishlab chiqariladi.

Foto: “Daryo”

Tumandagi “Mesit” MFY hududida “Kasbi tekstil hayot” MChJ tashkil etilgan. Korxona tomonidan 3,5 milliard so‘m investitsiya evaziga, yiliga 1,5 million donadan ortiq tayyor kiyim-kechak ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yiladi. Loyiha bo‘yicha ikki smenali ish tashkil etilib, bir smenada 150 nafar doimiy ish o‘rini yaratiladi. Yillik quvvati 50 milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan mazkur loyiha orqali 1 million dollarlik sanoat mahsulotlari eksporti amalga oshiriladi. Loyiha noyabr oyida ishga tushiriladi.

“Mega Denta med” xususiy korxonasi tomonidan qadoqlangan isiriq ishlab chiqarish loyihasi, Shakarjo‘y don qabul qilish maskani hududida kuniga 50 tonna un mahsulotlari ishlab chiqaradigan loyiha qiymati 1,7 milliard so‘m bo‘lgan “Kasbi tegirmon” MChJ faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. “Kasbi silk” MChJda loyiha qiymati 350 ming dollar bo‘lgan pillani qayta ishlash loyihasi amalga oshirilib, 40 ta doimiy, 120 ta mavsumiy ish o‘rni yaratiladi.

Foto: “Daryo”

Tuman hokimi To‘xtamurod Meyliyev “Daryo” muxbirining “belgilab olingan rejalar qaysidir sabablarga ko‘ra bajarilmay qolsa yoki ko‘zlangan natijaga erishilmasa hokim boshchiligidagi sektor rahbarlari iste’fo berishga tayyormi?” degan savoliga “va’da qilinayotgan ishlar, albatta, bajariladi va tuman ‘qoniqarsiz’ hududdan ‘o‘rta’ hududga, undan so‘ng esa ‘yaxshi’ga o‘tadi. “Shunda mazkur savolga javob berishimga hojat ham qolmaydi”, — dedi hokim.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Dunyo
Oxirgi 100 yil ichida sodir bo‘lgan dunyodagi eng kuchli 10 ta zilzila (video+foto)
Dunyo
Polsha bosh vaziri Ukrainadagi urush uchinchi jahon urushiga aylanishini prognoz qildi
Mahalliy
O‘zbekistonda dollar kursi yana oshdi