Fransiyaning Parij shahrida istiqomat qiluvchi ayol ichida 500 ming yevro miqdorida pul bo‘lgan chamadon topib olgani to‘g‘risida politsiyaga xabar berdi, deb yozadi “Korrespondent.net”.
Mars maydoni yaqinidagi tumanlarning birida uy yerto‘lasidan ichida puli bo‘lgan chamadon topilgan. Ushbu uy 55 yoshli Annaga onasidan meros qolgan edi. 2020-yilning avgust oyida ayol meros qolgan uyni sotish uchun rieltorga murojaat qildi va shundagina yerto‘la haqida savol tug‘ildi.
Ma’lumotga ko‘ra, yerto‘la boshqa insonga tegishli bo‘lib, zanjir bilan qulflangan, ammo hujjatlarga ko‘ra, u meros bo‘lib o‘tgan ko‘chmas mulk ro‘yxatiga kiritilgan.
Ayol noma’lum qo‘shniga xat qoldirdi, lekin oradan bir oy o‘tib ham javob bo‘lmagach, u chilangarni chaqirdi. 2020-yil 28 sentabrda yerto‘la ochildi va u yerdan topilgan chamadon ichidan 100, 50, va 10 miqdordagi yevro bilan to‘ldirilgan, jami 500 ming yevrodan ortiq pul borligi ma’lum bo‘ldi.
Ayol darhol politsiya chaqirgan va topilgan pulni rasmiylashtiruvchi moliyaviy tergov guruhi a’zolariga topshirgan. Aftidan, topilma qandaydir jinoyat bilan bog‘liq va uni topgan ayolga yetib borishi dargumon.
Izoh (0)