Afg‘onistonda pasport olish huquqiga ega bo‘lmagan shaxslar ro‘yxati kengaytirildi. Bu haqda Khaama Press mahalliy axborot agentligi xabar berdi.

Pasport boshqarmasi yangi qoidalarni joriy etmoqda. Unga ko‘ra, sudlanganlar, vasiysi yo‘q bolalar, to‘lanmagan qarz yoki boshqa majburiyatlarga ega shaxslarning chet elga chiqishi va pasport olishi taqiqlanadi.
Biometrik tizimlar va ma’lumotlar bazalarida chet elga chiqishi taqiqlangan deb belgilangan shaxslarga pasport berish avtomatik ravishda rad etiladi, deyiladi xabarda.
Ilgari barcha fuqarolar pasport olish huquqiga ega bo‘lgan, cheklovlar esa faqat ayrim jinoiy ishlardagina qo‘llanilgan. Afg‘onistonda milliy shaxsni tasdiqlovchi hujjat “tazkira” hisoblanadi va aholining aksariyati undan foydalanadi. Pasport esa chet elga chiqish uchun talab qilinadi.
Afg‘oniston 2025-yilgi dunyoning kuchli pasportlari reytingida eng oxirgi o‘rinni (98-o‘rinni) egallagan. Mamlakat fuqarolari 25 ta mamlakatga vizasiz borish huquqiga ega.
Taqqoslash uchun, reytingda Markaziy Osiyo davlatlarining o‘rni quyidagicha:
- Qozog‘iston — 63-o‘rin (79 ta yo‘nalishga vizasiz rejim);
- Qirg‘iziston — 73-o‘rin (63 ta yo‘nalishga vizasiz rejim);
- O‘zbekiston — 74-o‘rin (62 ta yo‘nalishga vizasiz rejim);
- Tojikiston — 80-o‘rin (56 ta yo‘nalishga vizasiz rejim);
- Turkmaniston — 85-o‘rin (49 ta yo‘nalishga vizasiz rejim).
Izoh (0)