Aytishlaricha, namanganlik qop tikuvchilar Andijon va Farg‘onaga qop sotish bo‘yicha katta biznes-reja boshlashibdi. Nega deganda Andijonda qop pul solish uchun kerak bo‘lsa, Farg‘onada blogerlarning boshiga kiygizish uchun ishlatilarkan. Yo‘qolgan so‘xlik bloger voqeasi ham dayjestimizdan o‘rin olgan.
Battol koronavirus umumiy holatda kamroq yuqayotgan bo‘lsa-da, ko‘pgina janubiy viloyatlarda avjiga chiqyapti. Rasmiy xabarlarga ko‘ra, hozirgacha koronavirusdan O‘zbekistonda 41 424 kishi kasallangan, 38 655 kishi sog‘aygan, 322 kishi vafot etgan. Davolanayotgan bemorlar soni ikki yarim ming nafardan kamaydi. Davolanish ko‘rsatkichi 93 foizni tashkil etmoqda.
Nima uchun mamlakatimizda koronavirusdan o‘lim holatlari juda kam? Xorijlik shifokor buni mamlakat aholisining o‘rtacha yoshi kichikligi bilan izohladi. Keling, O‘zbekistonda nechta bola virus yuqtirganini ko‘rib chiqamiz. COVID-19 aniqlanganlar orasida yoshi bo‘yicha tahlil qilganimizda bir yoshgacha bolalar 190 nafarni (4,8%); uch yoshgacha bolalar 683 (17,4%) nafarni; uch yoshdan 7 yoshgacha bolalar 934 (23,8%) nafarni; 7-18 yoshgacha bolalar 2 125 (54%) nafarni tashkil qilmoqda. 3 932 nafar kasallanganlar orasida jami sog‘ayganlar — 3 293 nafarni (83,7%), bugungi kunda davolanayotganlar 639 nafarni (16,3%) tashkil etmoqda. Hozirgi kunga qadar, rasmiy ma’lumotga ko‘ra, bolalar orasida kasallikning o‘ta og‘ir kechishi kuzatilmadi, o‘lim holati bo‘lmadi. Shu bilan birga, avvalroq 14 yoshli bola koronavirus oqibatida vafot etgani haqida xabarlar tarqalgandi.
Karantin qoidalarini aylanib o‘tib, to‘y-marosimlarni bir necha kun davomida yoki bir kunda 3-4 marta o‘tkazish holatlari uchrab turibdi. O‘lsak ham to‘y qilib o‘laylik, deymiz-da. Prezident bu haftadagi nutqida bunaqa holatlarni cheklashni alohida ta’kidladi.
* * *
Mustaqillik bayrami munosabati bilan 113 nafar mahkum afv etildi. Ularning besh nafari asosiy jazodan ozod etildi, 53 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi, 15 nafarining ozodlikdan mahrum etish jazosi yengilroq jazo bilan almashtirildi. Shuningdek, 40 nafar shaxsga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartirildi. Afv etilganlar orasida navoiyshunos tadqiqotchi Akrom Malik, Toshkentdagi “Xo‘ja Nuriddin” masjidining sobiq imomi Ruhiddin Faxriddinov, san’atshunos Iskandar Xudoyberganov, Respublika sud-tibbiy ekspertiza markazi sobiq xodimi Rustam Abdumannopov kabilar bor (ularning hammasi 159-modda bilan hukm etilgan).
* * *
Prezident farmoni bilan Bo‘stonliq tumanida boshqaruvning alohida tartibi joriy etiladi. Tumanda joylashgan davlat mulki obyekti bo‘lgan dam olish uylari, pansionatlar, sanatoriylar va boshqa obyektlar, shuningdek, turistik infratuzilmani yaratish imkoniyati bo‘lgan yer uchastkalari direksiyaga o‘tkaziladi. Direksiya tumandagi yer uchastkalari va davlat mulklari elektron auksion orqali sotadi. Bo‘stonliq tumani hokimi to‘g‘ridan to‘g‘ri hukumatga bo‘ysunadi.
Aziz Abduhakimov “Chorvoq” erkin turistik zonasi direksiyasi direktori lavozimini egallaydi. Bundan tashqari, Aziz Abduhakimov bosh vazirning o‘rinbosari va Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi vazifasini bajaradi. U, shuningdek, Bo‘stonliq tumanini ham boshqaradi. Aziz Abduhakimov yuqorida sanalgan to‘rt lavozimining ustiga yana “Ipak yo‘li” xalqaro turizm universiteti rektori ham sanaladi. Bir vaqtning o‘zida bir kadr beshta muhim lavozimda ishlashi mamlakatimiz tarixida noyob hodisa ekanini ta’kidlamay iloj yo‘q. 2017-yilda Ochilboy Ramatov bir paytda sakkiz lavozimda ishlaganini esga olish mumkin.
* * *
1-sentabr tobora yaqin qolmoqda, bolalarni maktabga yuboramizmi, yo‘qmi? Xalq ta’limi vazirligi buni ota-onalarning o‘ziga havola qilgandi. So‘rovnomada qatnashgan 5,5 million ota-onaning 76 foizi an’anaviy o‘qish tartibini, 24 foizi esa masofaviy o‘qish usulini tanlabdi. Shu xulosalardan kelib chiqib, maktablarda ta’lim jarayonini bir vaqtning o‘zida ikki xil shaklda tashkil etishga qaror qilindi. Ya’ni aksariyat ota-onalar talabiga ko‘ra an’anaviy, shu bilan birga masofaviy shaklda yo‘lga qo‘yiladi.
Yangi o‘quv yili 14-sentabrdan boshlanadi. Maktabda o‘qish 14-sentabrdan boshlanishini O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham 28-avgust, juma kuni umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida o‘quv yiliga tayyorgarlik masalalari bo‘yicha o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida aytib o‘tgan edi.Har bir maktabga ichki ishlar va Milliy gvardiya xodimlari biriktirilib, tartibni saqlash va karantin talablariga rioya etilishini nazorat qiladi. O‘quvchilar sog‘ligidan doimiy xabardor bo‘lish maqsadida hududiy poliklinika yoki vrachlik punktlaridan kamida bir nafardan tibbiyot xodimi jalb etiladi. Agar bitta sinfda bir vaqtning o‘zida uch nafar o‘quvchida virus aniqlansa, faqat o‘sha sinf karantinga olinadi va onlayn o‘qishga o‘tkaziladi. Dars davomiyligi 45 daqiqaligicha qoldiriladi, o‘quvchilardan forma talab qilinmaydi.
* * *
Shavkat Mirziyoyev mustaqillikning 29 yilligi munosabati bilan fan, ta’lim, adabiyot, madaniyat, san’at va OAV xodimlarini mukofotladi. Taniqli aktrisa Dilorom Karimova va xonanda Og‘abek Sobirov xalq artisti bo‘ldi. Rejissor Jahongir Ahmedov, yozuvchi Xurshid Do‘stmuhammad, adabiyotshunos Xondamir Qodiriy xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi unvonini oldi. Futbol murabbiysi Ravshan Haydarov xizmat ko‘rsatgan sport ustozi bo‘lsa, futbolchi Odil Ahmedov xizmat ko‘rsatgan sportchi faxriy unvoniga loyiq ko‘rildi.
Qalam ahli ham mukofotsiz qolgani yo‘q. Yozuvchi Erkin A’zam “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni, Usmon Azim “El-yurt hurmati” ordeni, Qutlibeka Rahimboyeva "Mehnat shuhrati" ordeni bilan mukofotlandi. “Anhor.uz” veb-sayti bosh muharriri Lobar Islomova, “Bloger Shahnoza” sahifasi bosh muharriri Shahnoza Soatova, “Daryo.uz” internet-nashri bosh muharriri o‘rinbosari Dilshod Sharipov “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi. Mukofotlanganlarning to‘liq ro‘yxatini ko‘rish uchun ushbu xabarni oching.
* * *
Xo‘sh, Farg‘onada bloger bo‘lish Nurbek Alimov yozganidek, 1938-yilda Berlinda yahudiy, SSSRda intelligent bo‘lishdek, Armanistonda ozarbayjon, Xitoyda uyg‘ur bo‘lishdek xatarlimi? Farg‘ona viloyati So‘x tumanidan bo‘lgan videobloger Dadaxon Haydarov 10 sutkaga qamoqqa olingani xabari tarqaldi. Blogerning otasi 22-avgustdan beri o‘g‘li qayerdaligini bilmaydi. O‘sha kuni uyiga IIV xodimlari, uchastka noziri va fuqaro kiyimidagi kimsa kelgan va blogerning faoliyatini tekshirishlarini aytib, yengil mashinaga solib olib ketgan. Keyinroq Dadaxonning o‘zi qo‘ng‘iroq qilib, boshiga qop kiygizib vertolyotda Farg‘onaga olib kelishganini aytgan.
22 yoshli Dadaxon Haydarov may oyida So‘xdagi tartibsizliklar chog‘ida bosh vazir Abdulla Aripov oldiga chiqib, tumanidagi muammolarni oshkor gapirib bergani uchun hibsga olingani taxmin qilinadi.
Mavzuga doir:
* * *
Dayjestimizning oxirgi xabarini “Hafta qovuni yoki kalta paypoq mashmashasi” deb nomladik. Bu gal ma’naviyatimiz posbonlari navbatdagi qovunini tushirdi.
“O‘zbekiston” telekanalining “Munosabat” tok-shousining navbatdagi sonida ekspert sifatida ishtirok etgan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bo‘lim boshlig‘i Mansur Musayev kalta paypoq kiyganlarni tanqid qildi. Mansur Musayev Yevropada kalta paypoq va ajralib turuvchi soch turmagi noan’anaviy jinsiy oriyentatsiya vakillarining ramzi ekanini aytdi. Biroq bu qaysi manbada kelgani ma’lum emas. @trolluz Mansur Musayevning kiyimini ham “geylar” kiyishini namoyish etuvchi qisqa hajviy videorolik tayyorladi.
Eng so‘nggi yangiliklarni “Daryo”da o‘qing. Karantin qoidalariga rioya qiling. Niqob taqing, boshingizga qop va oyog‘ingizga kalta paypoq kiymang.
Izoh (0)