Hukumatning 2020-yil 11-avgustdagi 475-sonli qaroriga asosan Asadjon Azatbekovich Xo‘jayev boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasining boshlig‘i lavozimidan ozod etildi. Bu haqda O‘zA xabar bergan.
Asadjon Xo‘jayev 2020-yil 29-iyul kuni O‘zbekiston Prezidenti administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga direktor etib tayinlangan. Shu kuni AOKAda Prezident administratsiyasi rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinov boshchiligida kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tgan, unda Asadjon Xo‘jayevni Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga direktor etib tayinlash to‘g‘risidagi Prezident qarori o‘qib eshittirilgan.
Xo‘jayev AOKA bosh direktori lavozimini egallaguniga qadar, 2019-yil 14-noyabrda O‘zbekiston Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasining boshlig‘i etib tayinlangandi. Bungacha u 2018-yilning avgustidan boshlab Axborot xavfsizligi va jamoat tartibini ta’minlashga ko‘maklashish markazi, keyinchalik 2018-yil noyabr oyidan “Xavfsiz shahar” jamoat tartibiga ko‘maklashish markazi direktori lavozimlarida ishlagan.
Izoh (0)