Davlat test markazi direktori Majid Karimov AOKA zalida tashkil etilgan matbuot anjumanida test sinovlarini o‘tkazish muddati bo‘yicha yakuniy qaror Maxsus komissiya bilan birgalikda hal qilinishini bildirdi.

Skrinshot: UzReport

“Test sinovlarini 2-sentabrda boshlash rejalashtirilgan. Test boshlanishi sharoitga qarab aniqlanadi. Respublika Maxsus komissiyasi karantin muddatini 15 yoki 31-avgustda bekor qilishsa, test sinovlari 2-sentabrda boshlanadi. Test bo‘lishi uchun karantin yumshatilishi yoki to‘liq olib tashlanishi kerak. Biz pandemiya bilan bog‘liq vaziyat barqarorlashishidan umidvormiz. Agar karantinni uzaytirishga ehtiyoj bo‘lsa, Maxsus komissiya va Davlat komissiyasi rahbariyati tomonidan ko‘rsatiladi. Birinchi navbatda biz uchun abituriyentlar salomatligi turadi”, — deydi Majid Karimov.

Eslatib o‘tamiz, 7-avgust kuni Davlat test markazi boshqarma boshlig‘i Barno Rajabov avgust oyida barcha binolar va stadionlarni jihozlash amalga oshirilsa, test sinovlarini sentabr oyi boshida o‘tkazish rejalashtirilganligini, DTM direktori o‘rinbosari Sardor Rajabov esa test sinovlari 2-sentabrdan boshlanib 14 kun davom etishini bildirgan edi. Avvalroq O‘zbekistonda OTMlarga kirish imtihonlarini 25-iyuldan 20-avgustgacha o‘tkazish rejalashtirilayotgandi. Biroq mamlakatda koronavirus bilan bog‘liq vaziyatning keskinlashayotgani sababli 10-iyuldan 1-avgustgacha mamlakatda qat’iy karantin choralari joriy qilindi va keyinchalik karantin 15-avgustga qadar uzaytirildi. 22-iyulda AOKAda o‘tgan brifingda Davlat test markazi bosh boshqarma boshlig‘i Barno Rajabov imtihon cheklovlar 1-sentabrgacha davom etsa, sentabr oyida o‘tkazilishi mumkinligini aytgandi. Shuningdek, Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirligi 2020/2021-o‘quv yili qabuli uchun magistraturaga hujjat topshirgan va muayyan sabablarga ko‘ra arizasi qabul qilinmagan abituriyentlarga muammoni bartaraf qilish uchun 4-avgustdan 6-avgust soat 11:00 gacha vaqt bergan.

Avval Davlat test markazi O‘zbekistonda pandemiya sharoiti murakkab kechayotganligi, karantin cheklovlari bekor qilinmayotganligi yoki yumshatilmaganligi bois oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish test sinovlarini o‘tkazish muddatlari test topshiruvchilar salomatligiga zarar yetmaydigan vaziyat kelgunga qadar keyinga surilishi va bu haqda jamoatchilik muntazam xabardor qilib borilishini bildirgandi.