AOKAda 2020-yilning 22-iyul kuni 2020—2021-o‘quv yili uchun OTMlarning bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga abituriyentlarni onlayn ro‘yxatga olish tahlillariga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.

Foto: UzReport

“Daryo” muxbirining xabar berishicha, DTM vakili bu yilgi imtihon necha smenada o‘tkazilishiga oid savolga shunday javob qaytardi:

“Bu yil 1,5 millionga yaqin abituriyent hujjat topshirgani va ularning soni keskin oshgani bois test sinovlari uch smenada o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.

Agar kirish imtihonlari 2 smenada tashkil qilinsa, 50 kunga yaqin, 3 smenada bo‘lsa, 30 kunga yaqin muddatda o‘tkazilishi prognoz qilinyapti. Hozir imtihon uchun ajratilgan binolarni har tomonlama o‘rganish ishlari ketmoqda. Abituriyentlarda test sinovlari necha smenada o‘tkazilishi muammo keltirib chiqarmaydi. Ularning ruxsatnomalarida smenasi, sanasi, soati ko‘rsatiladi. Imtihon bo‘lib o‘tadigan binolarni aniqlab olganimizdan keyin smena bo‘yicha alohida ma’lumot, albatta, beriladi”, — dedi boshqarma boshlig‘i Diyorbek Qo‘chqorov.

Markaz rasmiysi Barno Rajabovning aytishicha, abituriyentlarga ruxsatnomalar test sinovlari boshlanishidan kamida 10 kun avval berilishi ko‘zda tutilmoqda.

“Amaldagi tartiblar bo‘yicha imtihonlar 1-avgustdan boshlansa, abituriyentlarga ruxsatnomalar 29-iyuldan boshlab tarqatilishi kerak edi. Lekin koronavirus pandemiyasi va karantin tufayli hozirda imtihon o‘tkazish muddati aniq emas. Shu bois ruxsatnomalarni berish ham biroz kechikadi. Ammo biz rejalashtiryapmizki, test sinovlari boshlanishidan kamida 10 kun oldin ruxsatnomalar beriladi. Abituriyent o‘z ruxsatnomasini DTM sayti orqali bemalol olishi mumkin.

Yana bir narsani aytish kerakki, test muddatining orqaga surilishidan ota-onalar va abituriyentlar foydalanib qolishi kerak. Ularga tayyorgarlik uchun vaqt bo‘lyapti, bunga qo‘shimcha imkoniyat deb qarash lozim”, — dedi Rajabov.