Prezidentning “Umumta’lim muassasalari bitiruvchilarining yakuniy davlat attestatsiyasi hamda oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarini unifikatsiya qilish va yagona imtihonni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

Foto: “Daryo”

Unga ko‘ra,  “2020/2021-o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori ijrosini amalga oshirish maqsadida 2021/2022-o‘quv yilida tajriba sinov tariqasida O‘zbekiston ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi tomonidan belgilanadigan hududdagi umumiy o‘rta maktab va akademik litsey, 2022/2023-o‘quv yilidan boshlab barcha umumiy o‘rta maktab, akademik litsey va qabuli 9-sinf negizi asosida amalga oshiriladigan kasb-hunar maktabi (umumta’lim muassasalari) bitiruvchilarining yakuniy davlat attestatsiyasi hamda oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlari unifikatsiya qilinib, yagona test sinovlarini o‘tkazish yo‘lga qo‘yiladi.

Belgilanishicha:

  • umumta’lim muassasalarining joriy yil bitiruvchilari yakuniy davlat attestatsiyasi imtihoni sifatida uchta fan – ona tili (o‘zbek, rus yoki qoraqalpoq tili), matematika va O‘zbekiston tarixi fanlaridan test sinovlarini topshiradi;
  • majburiy fanlar bo‘yicha test sinovi natijalarini umumta’lim muassasasi bitiruvchilarining umumiy ta’lim to‘g‘risidagi hujjati (shahodatnoma, diplomi)ga qo‘yiladi;
  • oliy ta’lim muassasalariga kirish istagini bildirgan umumta’lim muassasalari bitiruvchilari shaxsiy tanloviga ko‘ra, ixtiyoriylik asosida bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga mos fanlardan test sinovlarini topshiriladi;
  • 2022-yildan boshlab, avvalgi yillarda ta’lim muassasalarini tugatganlar belgilangan muddatlarda bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga mos fanlar va majburiy fanlardan test sinovlarini topshiradi.

Test sinovlari natijalari oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun o‘tkaziladigan tanlovda baholash mezonlariga muvofiq inobatga olinadi.

Shuningdek, abituriyentga test sinovi topshirilgan fani bo‘yicha 3 yil muddatda amal qiladigan abituriyent elektron sertifikati beriladi.

Test sinovlari O‘zbekiston ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi tomonidan umumta’lim muassasalarini joriy yil bitiruvchilari uchun may-iyun oylarida, umumta’lim muassasalarini avvalgi yillarda tugatganlar uchun iyun—iyul oylarida o‘tkaziladi.

Ushbu qaror loyihasi muhokamasi 8-avgustga qadar davom etadi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda karantin vaqtida aholiga imkon boricha qo‘shimcha qulaylik yaratish bo‘yicha belgilangan vazifalarni amalga oshirish hamda ko‘pchilik ota-onalarning iltimoslarini inobatga olib, bu o‘quv yili maktablardagi yakuniy imtihonlar bekor qilindi.

OTMlarga kirish imtihonlarini esa 25-iyuldan 20-avgustgacha o‘tkazish rejalashtirilayotgandi. Biroq mamlakatda koronavirus bilan bog‘liq vaziyatning keskinlashayotgani sababli 10-iyuldan 1-avgustgacha mamlakatda qat’iy karantin choralari joriy qilindi.

Shu sababli ro‘yxatga olish 20-iyundan 20-iyulga qadar barcha hududlarda DTMning rasmiy veb-sayti va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali , respublikaning 8 ta tumanida esa Davlat xizmatlari markazlari orqali amalga oshirildi. 21-iyul kuni abituriyentlarni ro‘yxatga olish yakunlandi. Ro‘yxatdan o‘tgan jami abituriyentlar soni 1 484 085 nafarni tashkil etdi. Ularning eng yoshi 13, eng kattasi 95 yoshda.