Sog‘liqni saqlash vazirligining xabar qilishicha, “COVID-19 bilan kasallangan bemorlarni davolash bo‘yicha vaqtinchalik ko‘rsatmalar” ning oltinchi nashrida shifokor nazorati asosida qo‘llaniladigan dori-darmonlar ham keltirib o‘tilgan.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Qayd etilishicha, mazkur qo‘llanmani ishlab chiqish guruhiga O‘zbekistonning taniqli va nufuzli olimlari bilan birga, ayni paytda koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni bevosita davolashda ishtirok etayotgan shifokorlar, xususan, reanimatolog va boshqa tor soha vrachlari kiritilgan va ular tomonidan o‘z tajribasida samarali deb topilgan dori vositalari tavsiya etilgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi qoshidagi Koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha shtab a’zosi, tibbiyot fanlari doktori, professor Habibullo Oqilov bemorlarni davolashda qo‘llanilishi belgilangan dori vositalari haqida batafsil ma’lumot berdi:

Bemorlar bilan muloqotda bo‘lganlar uchun:

  •  “Gidroksixloroxin” (homilador ayollar, bolalar, 65 yoshdan oshgan bemorlar, yurak-qon tomir tizimi kasalliklari mavjud bo‘lgan bemorlar qabul qilishi mumkin emas).

Kasallik klinik belgilarsiz kechganda:

  • “Gidroksixloroxin” (shifokor tavsiyasiga ko‘ra);
  • “Sink” preparatlari;
  • D vitamini;
  • C vitamini;

COVID-19’ning yengil shaklida:

  • “Paratsetamol”;
  • “Ibuprofen”;
  • “Favipiravir”;
  • “Gidroksixloroxin”;
  • “Sink”;
  • “D Vitamin”i;
  • “C Vitamin”i;
  • “Nafazolin”, “Ksilometazolin” (burun uchun, rinoreyani davolashda);
  • “Azitromitsin” (shifokor qaroriga ko‘ra).

COVID-19’ning o‘rta og‘ir shaklida:

  • “Paratsetamol”;
  • “Ibuprofen”;
  • “Favipiravir” yoki “Remdesivir”;
  • Antikoagulyantlar (“Enoksaparin”);
  • Antiagregantlar (“Asetilsalitsil kislotasi”);
  • Kortikosteroidlar (“Deksametazon”);
  • Antibiotiklar (shifokor tavsiyasiga ko‘ra).

COVID-19’ning og‘ir shaklida:

  • “Paratsetamol”;
  • “Ibuprofen”;
  • “Remdesivir”;
  • Antikoagulyantlar (“Enoksaparin”);
  • Antiagregantlar (“Asetilsalitsil kislotasi”);
  • Kortikosteroidlar (“Deksametazon”);
  • Sefalosporinlar + makrolidlar;
  • Parenteral atsetilsistein va boshqalar

O‘tkir nafas olish qiyinlashuvi sindromida:

  • Antikoagulyantlar (“Enoksaparin”);
  • Antiagregantlar (“Asetisalitsil kislota”);
  • Kortikosteroidlar (“Deksametazon”);
  • Parenteral atsetilsistein;
  • “Omeprazol”, “Ranitidin” va boshqalar.

Sepsis va sepsik shokda:

  • N2 retseptorlari antagonistlari yoki Proton pompasi ingibitorlari (“Ranitidin”, “Omeprazol”);
  • Kortikosteroidlar (“Deksametazon”);
  • Prokinetik dorilar (“Metoklopramid”, “Domperidon”, “Eritromitsin”) va boshqalar.

Bolalar, homilador ayollar, yurak aritmiya kasalligi bilan og‘rigan bemorlar uchun “Xloroxin” va “Gidroksixloroxin” (+/- “Azitromitsin”) shuningdek, boshqa bemorlarni davolashda terapevtik yoki profilaktik maqsadlarda antibiotiklar buyurish, virusga qarshi preparatlar (“Lopinavir”/“Ritonavir”, “Remdesivir”, “Umifenovir”), immunomodulyatorlar (“Totsilizumab”, “Interferon-1a”, “Interferon-alfa-2b“), interferon induktorlari va immunostimulyatorli dorilar, metabolik dorilar tavsiya etilmaydi.

Kasallikning har qanday darajasidan qat’i nazar har bir dori vositasi shifokor tavsiyasiga ko‘ra va uning nazorati ostida qabul qilinishi shart.

Uy sharoitida davolanayotgan bemorlarga osma ukollar (kapelnitsa)dan foydalanish qat’iyan taqiqlanadi.

16-iyul kuni O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov rahbarligida koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining yig‘ilishida uyida davolanayotgan koronavirus bemorlarini bepul dori-darmonlar bilan ta’minlash yuzasidan qaror qabul qilinib, ularga yetkazib beriladigan dori-darmonlar ro‘yxati tasdiqlangan. Ushbu ro‘yxatga “Gidroksixloroxin”, “Azitromitsin”, “Paratsetamol”, “C Vitamin” kabi dori-darmonlar kiritilgan. 19-iyulda esa Respublika maxsus komissiyasi a’zosi, professor Feruza Hamroboyeva JSST samarasiz deb topgan “Gidroksixloroxin” preparati O‘zbekistonda nega qo‘llanilayotganiga izoh bergan va koronavirusga qarshi kurashda sezilarli yutuqlarga erishgan Xitoy bilan vebinarlar o‘tkazilayotgani, klinik protokol bir umrlik hujjat emasligi, u doim qayta ko‘rib chiqilishini aytgandi. Keyinchalik Hamroboyevaning o‘zi “Tez yordam” ko‘rsatuvida 13-iyulda dori davolash protokolidan olib tashlangani, rasmiy protokol ko‘rib chiqilgani va bepul tarqatiluvchi to‘rttalik dori-darmon guruhi ichidagi “Gidroksixloroxin” davolash protokolidan chiqarilganini bildirgan.

Keyinchalik “Milliy TV” telekanalidagi “Tez yordam” ko‘rsatuvida ishtirok etgan Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi tibbiy standart va protokollarni ishlab chiqarish bo‘limi boshlig‘i Yodgorova Klara Tohirovna Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va boshqa ko‘plab davlatlar tomonidan zararli deb topilgan “Plakvenil” dori vositasini davolash protokollardan chiqarib tashlash haqida gapirgach, unga nisbatan tahdidlar bo‘lganini ma’lum qilgan.

Respublika maxsus shtabi a’zosi Habibulla Oqilov “Plakvenil” bilan 12 mingga yaqin bemorni tuzatib kasalxonalardan chiqarib yuborilganini aytib bu boradagi bahsning keskinlashishiga sababchi bo‘ldi. Germaniyalik professor Verner Ber dunyoda “Plakvenil”ni qo‘llash bo‘yicha aniq ko‘rsatma yo‘qligini ta’kidlagan.

AQSh bosh infeksionisti Entoni Fauchi 31-iyul kuni Kongressning Vakillar palatasida koronavirus inqirozi bo‘yicha tuzilgan komissiya oldida hisobot bergan va “Gidroksixloroxin”ning koronavirusga qarshi samarasi biror mukammal tadqiqotda isbotlanmaganini aytgan.

3-avgustda Habibulla Oqilov ushbu doridan voz kechilganidan keyin O‘zbekistonda kasallik ko‘rsatkichlari salbiy tomonga o‘zgargani tufayli preparat yana protokolga kiritilgani va kasallikka chalinganlar bilan birinchi muloqot qilganlarga tavsiya etilayotganini ma’lum qildi.