“Tez yordam” ko‘rsatuvining navbatdagi sonida gidroksixloroxin preparatining koronavirus infeksiyasini davolashdagi zararli oqibatlari haqida ma’lumot berilgan. Bu haqda “Kun.uz” xabar qilgan.

Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi vakili Klara Yodgorovaning so‘zlariga ko‘ra, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti gidroksixloroxinning koronavirusni davolashdagi salbiy ta’sirini tasdiqlagach, bu dori O‘zbekistonda amal qilayotgan eng so‘nggi qo‘llanmadan ham chiqarib tashlangan.

“Pandemiya avvalida koronavirusni davolash uchun aniq dori vositasi yo‘q edi. Shunda mavjud dori vositalari, xususan, xloroxin, gidroksixloroxin, azitromitsin kabilarni birinchi bo‘lib Xitoyda qo‘llash boshlandi. Keyinchalik ular Yevropa davlatlarida ham qo‘llanila boshlandi.

Mart oyida JSST ushbu preparatlarning samaradorligi bo‘yicha dalillar olish uchun ‘Xalqaro hamdo‘stlik tadqiqoti’ni boshladi. 96 ming koronavirus bemorlarining ma’lumotlari jamlanib, AQShning Garvard va Shveysariyaning Syurix universiteti olimlariga taqdim qilindi.

O‘rganishlar natijasida olimlar bu dorilarning nafaqat samara bermasligini, balki bemorlarda o‘lim xavfini oshirishi mumkinligini aniqladi. Mazkur preparatlardan foydalanish dastlab Fransiyada to‘xtatildi, Germaniya millionlab dorilarni ishlab chiqaruvchilarga qaytarib berdi, AQSh olimlari ham bu doriga o‘z e’tirozini bildirdi. Mazkur tadqiqot natijasi tibbiyot olamida nufuzli bo‘lgan The Lancet jurnalida ham chop etilgan.

Shularni hisobga olgan holda, JSST 27-may kuni yangi vaqtinchalik qo‘llanma chiqarib, barcha davlatlarga o‘z davolash standartlarini qayta ko‘rib chiqishni tavsiya qildi.

Milliy palata ekspertlari va Sog‘liqni saqlash vazirligi ishchi guruhi birgalikda 30-iyun kuni COVID-19’ni yengil shaklda o‘tkazib, uyda davolanayotganlar va og‘ir formada statsionarda davolanayotganlar uchun ikkita qo‘llanma ishlab chiqdi. Ulardagi ma’lumotlar 13-iyul kuni sog‘liqni saqlash vaziri buyrug‘i bilan tasdiqlangan va chop etilgan. Gidroksixloroxin mazkur qo‘llanmalardan ham olib tashlangan”, — degan Yodgorova.

Ko‘rsatuv boshlovchisi – Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi va’siylik kengashi raisi Komil Allamjonovning jurnalist Nikita Makarenkoga asoslangan holda ma’lum qilishicha, gidroksixloroxin oxirgi davolash qo‘llanmasidan chiqarib tashlangan bo‘lsa-da, uyda davolanayotgan bemorlarga tarqatilishi kutilayotgan dorilar to‘plamiga kiritilganini qayd etdi.

Bunga javoban Klara Yodgorova Respublika maxsus komissiyasi bu dorini to‘plamdan chiqarishi kerakligini aytdi.

“O‘zbekistondagi barcha tibbiyot muassasalari — Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi shifoxonalar ham, xususiy shifoxonalar ham oxirgi tasdiqlangan davolash qo‘llanmasiga rioya qilgan holda ish ko‘rishi shart.

O‘ylaymanki, Respublika maxsus komissiyasi yangi qo‘llanmaga asoslangan holda bepul tarqatiladigan dorilar to‘plamini qayta ko‘rib chiqib, bu dorini tarqatishni to‘xtatadi”, — degan mutaxassis.

Dastur davomida mazkur masalaga aniqlik kiritish uchun Respublika maxsus komissiyasi a’zosi, professor Feruza Hamroboyeva bilan bog‘lanildi. U preparatning salbiy jihatlari haqida bildirilgan fikrlarga qo‘shilishini ta’kidlagan.

Hamroboyevaning so‘zlariga ko‘ra, savdo nomi “Plakvenil” bo‘lgan dori O‘zbekistondagi davolash protokoliga kiritilgan ilk davrda fevraldagi izlanishlarga asoslanilgan va u paytda samarali deb topilgan dori vositalari kam bo‘lgan.

“Hali-hanuzgacha bu dori protokolda edi. 13-iyulda davolash protokoli yangilanguncha bu dori davolash vositasi sifatida qo‘llanilgan. Dastlabki davrda bu oqlangan edi. Sababi dorilar yo‘q, nima qilish, qanday qilib odamlarni qutqarish mumkinligi to‘g‘risida savollar ko‘p edi. Balki shu paytgacha bizning bemorlarda dorining qarshi ko‘rsatkichlari aniq bo‘lmagani uchun shu paytga qadar saqlab kelingandir. Bu savolga men ham aniq javob bera olmayman.

Bugunga kelib, gidroksixloroxinning qarshi ko‘rsatmalarini hammamiz bilamiz. 13-iyulda dori davolash protokolidan olib tashlangan. Bugun 21-iyul. Rasmiy protokol ko‘rib chiqilgan va bepul tarqatiluvchi to‘rttalik dori-darmon guruhi ichidagi gidroksixloroxin davolash protokolidan chiqarildi”, — degan Feruza Hamroboyeva.

Uning qo‘shimcha qilishicha, koronavirusni davolash uchun bugun tanlangan yo‘l hozir to‘g‘ri deb qabul qilingan bo‘lsa, vaqti kelib bu fikrlar ham o‘zgarishi mumkin.

19-iyulda Respublika maxsus komissiyasi a’zosi, professor Feruza Hamroboyeva JSST samarasiz deb topgan gidroksixloroxin preparati O‘zbekistonda nega qo‘llanilayotganiga izoh bergan va koronavirusga qarshi kurashda sezilarli yutuqlarga erishgan Xitoy bilan vebinarlar o‘tkazilayotgani, klinik protokol bir umrlik hujjat emasligi, u doim qayta ko‘rib chiqilishini aytgandi.

Ma’lumot uchun, gidroksixlorin — bezgak va revmatologik kasalliklarga qarshi preparat. U xinin (xloroxin) moddasining sintetik analogi asosida tayyorlanadi. Tibbiyotda undan 1955-yildan buyon foydalaniladi.

16-iyul kuni O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov rahbarligida koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining yig‘ilishida uyida davolanayotgan koronavirus bemorlarini bepul dori-darmonlar bilan ta’minlash yuzasidan qaror qabul qilinib, ularga yetkazib beriladigan dori-darmonlar ro‘yxati tasdiqlangan. Ushbu ro‘yxatga “Gidroksixloroxin”, “Azitromitsin”, “Paratsetamol”, “C Vitamin” kabi dori-darmonlar kiritilgan.

Avval AOKA huzuridagi shtabda bo‘lib o‘tgan brifingda Koronavirusga qarshi kurashish shtab a’zosi Barno Odilova O‘zbekistonda koronavirus vaksinasi qachon sotuvga chiqishi borasidagi savolga aniqlik kiritib, vaksina O‘zbekistonga olib kelinsa, bu haqda rasman xabar qilinishini aytgan.