Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirus asoratlaridan vafot etgan ikki erkak haqida xabar berdi.

Birinchi bemor Toshkent shahri Shayxontohur tumanida yashagan 67 yoshli Q.N. ismli erkak bo‘lib, unda 20-iyul COVID-19 tasdiqlangan va nafas yetishmovchiligi belgilari kuchayib, Zangiota tumanidagi ixtisoslashtirilgan ko‘p tarmoqli yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan.

Bemorga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir respirator distress sindromi, o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan.

Bundan tashqari, bemor yurak ishemik kasalligi, zo‘riqish stenokardiyasi, gipertoniya, arterial gipertenziya kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan. Bemor o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.

Ikkinchi bemor Toshkent shahri Uchtepa tumanida yashagan 64 yoshli A.T. ismli erkak bo‘lib, unda 25-iyul kuni COVID-19 tasdiqlangan va Zangiota ixtisoslashtirilgan ko‘p tarmoqli yuqumli kasalliklar shifoxonasiga kun davomida tana harorati ko‘tarilib nafas yetishmovchiligi kuchayganligi sababli yotqizilgan.

Bemorga COVID-19 infeksiyasi o‘ta og‘ir kechishi va ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik nafas yetishmovchiligining 3-darajasi hamda o‘tkir yurak qon-tomir yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan.

Bemorda yurak ishemik kasalligi, stabil zo‘riqish stenokardiyasi, gipertoniya, arterial gipertenziyaning 3-darajasi va semizlikning ham 3-darajasi kabi hamroh kasalliklar ham bo‘lgan. Bemor o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi hisobi bo‘yicha koronavirus asoratlaridan vafot etganlar soni 147 nafarga, “Daryo” hisob-kitobi bo‘yicha esa 155 nafarga yetdi.