Koronavirusga chalingan poytaxtlik 67 yoshli bemor vafot etdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar bermoqda.

Toshkent shahri Olmazor tumanida yashagan 67 yoshli M.T. ismli ayolda 12-iyul kunidan tana harorati ko‘tarilgan, uy sharoitida davo muolajalarini olgan. 20-iyul kuni esa nafas yetishmovchiligi belgilari kuchayib, Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasiga yotqizilgan.

Unga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir respirator distress sindromi, o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan.

Bemorda yurak ishemik kasalligi, zo‘riqish stenokardiyasi, gipertoniya, arterial gipertenziya, semizlikning 3-darajasi kabi hamroh kasalliklar ham bo‘lgan. Bemor o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan. SSV xabarida bemor qaysi kuni vafot etganiga aniqlik kiritilmagan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi hisobiga ko‘ra, 67 yoshli ayol koronavirusning 144-qurboniga aylandi. “Daryo” hisobi bo‘yicha koronavirus asoratlari oqibatida vafot etganlar soni 151 nafarni tashkil etmoqda.