Toshkentda koronavirusga chalingan 75 yoshli erkak vafot etdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha Toshkent shahri Sergeli tumanida yashagan 75 yoshli K.X.da 26-iyul kuni COVID-19 infeksiyasi tasdiqlangan va og‘ir holatda Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasi reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan.

Unga COVID-19 infeksiyasi o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligi kabi asoratlar bilan kechgan. Shuningdek, yurak ishemik kasalligi, stenokardiya, gipertoniya, arterial gipertenziya kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan.

Shifoxonada bemorning davolanishi davomida shifokorlar tomonidan konsultatsiya va konsiliumlar qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan.

Biroq shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli asosiy kasallik hisobiga keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi hisobiga ko‘ra, 75 yoshli K.X. koronavirusning 142-qurboniga aylandi. “Daryo” hisobi bo‘yicha koronavirus asoratlari oqibatida vafot etganlar soni 149 nafarni tashkil etmoqda.