Sog‘liqni saqlash vazirligi Qashqadaryoda 64 yoshli A.A. ismli koronavirusga chalingan erkakning vafot etganini xabar qildi.
Qayd etilishicha, Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida yashagan 64 yoshli A.A.da COVID-19 tasdiqlangach, u viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan.
Unga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir nafas va yurak-qon tomir yetishmovchiligi, sepsis, poliorgan yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan.
Shuningdek, bemor yurak ishemik kasalligi, ‘stabil’ zo‘riqish stenokardiyasi, gipertoniya kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan.
Bemorga mutaxassislar tomonidan onlayn konsultatsiya va konsiliumlar o‘tkazilgan, davolash jarayoni belgilangan standartlar asosida olib borilgan.
Biroq shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas va yurak-qon tomir yetishmovchiligidan vafot etgan, deyiladi SSV xabarida.
Bu O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi hisobi bo‘yicha mamlakatdagi koronavirus oqibatida 102-o‘lim holati. “Daryo” hisobi bo‘yicha koronavirus asoratlari oqibatida vafot etganlar soni 107 nafarni tashkil etmoqda.
Davlat xizmatlari agentligi 15-iyul kuni Navoiy viloyatidagi 61 yoshli xodimi Adhamjon Dehqonov, Madaniyat vazirligi esa 18-iyul kuni 32 yoshli xodimi Akmal Irisov koronavirus asoratlaridan vafot etgani, Olmaliq shahri hokimligi 9 va 15-iyul kunlari shahar shifoxonalarida vafot etgan ikki ayolda koronavirus tasdiqlangani haqida xabar bergan. huningdek, 22-iyulda O‘zbekiston bosh prokurorining sobiq o‘rinbosari Hakimbay Xalimov 66 yoshida koronavirus asoratlaridan vafot etgani xabar qilingan. Biroq ushbu holatlar haqida SSV tomonidan ayni vaqtgacha axborot berilmagan.
Izoh (0)