AOKA shtabida tashkil qilingan brifingda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi rahbari Nurmat Otabekov Qoraqalpog‘istonda ikki nafar mashhur shifokorlarning koronavirusdan vafot etgani haqidagi xabar nima uchun yashirib kelinayotgani xususida berilgan savolga javob qaytardi.

“Ha, haqiqatdan ham o‘tgan haftada Qoraqalpog‘istonda ikki nafar tibbiyot xodimi koronavirus asoratlari oqibatida vafot etgan. Ularning biri shifokor va yana biri hamshira. Bu haqda o‘sha kunning o‘zida mahalliy televideniye orqali xabar berilgan. Biz o‘zimizni infeksiyadan himoyalash haqida ko‘proq qayg‘urishimiz lozim. Bu kabi xabarlar hech kimni xursand qilmaydi, biroq biz har bir o‘lim holati haqida ro‘y-rost tarzda Sog‘liqni saqlash vazirligining rasmiy sayti, AOKA rasmiy manbalari orqali e’lon qilib boryapmiz”, — degan Nurmat Otabekov.

Sog‘liqni saqlash vazirligi taqdim etib borayotgan statistikaga ko‘ra Qoraqalpog‘istonda ikkita o‘lim holati qayd etilgan. 2020-yil 8-iyulda (o‘tgan haftada emas) Nukus shahrida yashovchi 56 yoshli Z.D. o‘tkir yurak-qon tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etgan. Bemor hech kimga murojaat qilmasdan uyida davolangani aytilgandi. Bu 23-iyul kuni Prezident farmoni bilan “Jasorat” medali berilgan marhum Jumaniyozova Zulfiya Yo‘ldoshevna bo‘lishi mumkin.

Ikkinchi o‘lim holati 22-iyulda qayd etilgan va Nukus shahrida yashovchi 42 yoshli B.D. o‘tkir nafas va yurak-qon tomir yetishmovchiligidan vafot etgan. Nurmat Otabekovning so‘zlariga tayanilsa, mantiqiy jihatdan B.D.ning shifokor ekani ma’lum bo‘ladi.

Shuningdek, 22-iyulda Qoraqalpog‘iston prokuraturasida bo‘lim boshlig‘i lavozimida ishlagan, O‘zbekiston bosh prokurorining sobiq o‘rinbosari Hakimbay Xalimov 66 yoshida koronavirus asoratlaridan vafot etgani xabar qilingan. Ammo ushbu o‘lim holati yuzasidan SSV tomonidan axborot berilmagan. Shuningdek, “Daryo” Davlat xizmatlari agentligi 15-iyul kuni Navoiy viloyatidagi 61 yoshli xodimi Adhamjon Dehqonov, Madaniyat vazirligi esa 18-iyul kuni 32 yoshli xodimi Akmal Irisov koronavirus asoratlaridan vafot etgani, Olmaliq hokimligi 9 va 15-iyul kunlari shahar shifoxonalarida vafot etgan ikki ayolda koronavirus tasdiqlangani haqida xabarlar bergan. Biroq vazirlik mazkur o‘lim holatlari yuzasidan axborot bermayapti.