Sirdaryo viloyatida koronavirus asoratlari oqibatida vafot etgan ilk bemor tibbiyot xodimi bo‘lgan. Bu haqda viloyat hokimi G‘ofurjon Mirzayev 20-iyul, dushanba kuni bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum qildi.

“Albatta, har bir raqam ortida inson hayoti yotganligini hammamiz to‘g‘ri tushunib turibmiz. Ming afsus, Guliston tumanidan bo‘lgan, ko‘p yillar tibbiyot tizimida samarali mehnat qilgan inson aynan kasallik asorati sababli vafot etdi. U kishining yaqinlariga ta’ziyamizni izhor qilgan holda odamlarimizni yana bir bor hushyorlikka chaqiramiz”, — dedi G‘ofurjon Mirzayev.

Viloyat hokimligi xabarida shifokorning mutaxassisligi, qayerda ishlagani, koronavirus bemorlari bilan aloqada bo‘lgan yoki bo‘lmagani, kasallikni qanday yuqtirganiga aniqlik kiritilmagan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi mazkur shifokorning o‘limi haqida 18-iyul kuni xabar bergandi. Vazirlik xabariga ko‘ra, 69 yoshli erkakda 11-iyul kuni COVID-19 tasdiqlangan va Sirdaryo viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasining reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan. Bemorga miokard infarkti, COVID-19 infeksiyasi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. U o‘tkir yurak-qon tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etgan.

Eslatib o‘tamiz, Yakkasaroy tuman tibbiyot birlashmasining xodimi Alisher Uralov Yuqori Chirchiq tumanidagi karantin markazida xizmat olib borish jarayonida koronavirus bilan kasallanib vafot etgandi. Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov shifokorning xonadoniga tashrif buyurib, uning oilasiga hamdardlik bildirgandi. Shuningdek, marhum shifokorning oilasiga 250 million so‘m kompensatsiya to‘langandi.

Bundan tashqari, Toshkent shahar Olmazor tumani “Mirzo G‘olib” mahallasida joylashgan 18-oilaviy poliklinika katta hamshirasi Feruza To‘xtayeva ham koronavirus infeksiyasi asoratlari oqibatida vafot etdi.