Bugun,

  • USD 10920.28
  • RUB 177.49
  • EUR 11052.42

Koronavirusdan vafot etgan toshkentlik shifokor Alisher Uralovning oilasiga 1-iyul kuni kompensatsiya to‘landi. Bu haqda uning qizi Shahnoza Hasanova “Qalampir.uz” nashriga ma’lum qilgan.

Koronavirusdan vafot etgan shifokor Alisher Uralov.
Foto: “Gazeta.uz”

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi 28-iyun, yakshanba kuni Yakkasaroy tuman tibbiyot birlashmasining Yuqori Chirchiq tumanidagi karantin markazida xizmat ko‘rsatish uchun safarbar etilgan shifokor Alisher Uralov koronavirusga chalinib, miokard infarkti, o‘tkir nafas va yurak-qon tomir yetishmovchiligidan vafot etgani haqida xabar bergan edi. 30-iyun kuni marhum shifokorning qizi Shahnoza Hasanova otasi salomatligi imkon bermasa ham karantin markaziga majburan jo‘natilganini ma’lum qilgan. Shundan so‘ng O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov marhum shifokorning xonadoniga 1-iyul kuni ko‘ngil so‘rab bordi.

Marhum shifokorning qizi ma’lum qilishicha, 1-iyul kuni sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonovning tashrifidan keyin vazirlik mas’ul xodimlari Alisher Uralovning oila a’zolariga O‘zbekiston Prezidenti qarorida belgilanganidek 250 million so‘m kompensatsiya pulini yetkazib bergan.

Shahnoza Hasanovaning aytishicha, sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonovning ikki kun ichida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga befarq qaramasdan, uning muammosi yechimiga kirishgani ko‘nglini ko‘targan.

“U kishi kirib kelganlaridan keyin musulmonchilikka munosib holatda duoga qo‘l ochildi. Undan keyin sekin-asta, hech qanday bosimlarsiz, juda yaqin insonlardek gaplashdik”, — deydi marhum shifokorning qizi.

Vazir bilan suhbat chog‘ida Shahnoza Toshkent davlat pediatriya institutining 3-kurs magistratura bitiruvchisi ekanligini, otasi ilmiy ish qila olmagani, uni esa ilmiy ish qilishi uchun mana shu ilm yo‘liga yo‘naltirganini, avgust oyida institut rektori unga stajirovka berishni va shu orqali ish boshlashini aytgan.

Shundan so‘ng sog‘liqni saqlash vaziri Toshkent davlat pediatriya instituti rektori bilan bog‘lanib, Shahnoza haqida yaxshi ta’rif bergan. “Dimplomimni yoqlashimga, buning uchun mavzu tanlashda o‘zlari yordam beradigan bo‘ldilar. Men u kishiga magistraturada o‘qiyotgan talabalar va bu bosqichni bitirganlarning rejasi, ya’ni ko‘proq stajirovkani yo‘lga qo‘yish, xorijlik hamkasblar bilan aloqalar qilib turish haqidagi fikrlarimni qo‘llab-quvvatladilar”, — deya ta’kidlagan Shahnoza.

“Otam uchun beriladigan kompensatsiya masalasiga to‘xtalar ekan, vazir ikki kun ichida bu masalani maksimum hal etilishini aytdi. Mutasaddilar bugunning o‘zida ushbu mablag‘ni yetkazib berdi. U kishi bilan muammo va kamchiliklarni birga hal etamiz degan xulosaga keldik”, — dedi Shahnoza Hasanova. Uning qayd etishicha, vazir kerakli yordam ko‘rsatilishi va bu kabi holatlarga boshqa yo‘l qo‘yilmasligi, barchasini o‘z nazoratiga olishini bildirgan.

“Ijtimoiy tarmoqlarda aytgan gaplarimdan maqsad O‘zbekistonning siyosatiga aralashish yoki qoralash emas. Shu vatanda o‘sdim, shu yurtda tahsil oldim. Kamchiliklarimizni oshkor qilib, muammolarni o‘z vaqtida ko‘tarib chiqsak, kamchiliklarimiz yo‘qotiladi, degan maqsadda gapirdim”, — deya o‘z maqsadini bayon qilgan Shahnoza.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasidan zararlangan bemorlar bilan muloqotga kirishadigan, zararlangan bemorlar joylashtirilgan obyektlarda hamda koronavirus infeksiyasini aniqlash laboratoriyalarida faoliyat olib borayotgan tibbiyot xodimlariga har 14 kunlik faoliyat davri uchun maxsus qo‘shimcha rag‘batlantirish to‘lovi belgilangan. Shuningdek, bemorlar bilan ishlash davomida koronavirus infeksiyasini yuqtirib olgan tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa xodimlarga 100 million so‘mdan to‘lanadi.

Koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish doirasida bemorlar bilan ishlagan vaqtida koronavirus infeksiyasini yuqtirish natijasida og‘ir ahvolga tushgan va sog‘lig‘i tiklanmagan taqdirda tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa xodimlarga yoki ularning oila a’zolariga esa 250 million so‘m miqdorida bir martalik to‘lovlar to‘lanadi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Madaniyat
Muvaffaqqiyatga erishishidan avval o’zaro do‘st tutingan mashhurlar (foto)
Mahalliy
“Mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi”. Zafar Hoshimov hokimlarning xalq deputatlari kengashlariga rahbar bo‘lishi masalasi haqida
Mahalliy
Chilonzorda yo‘l kengaytirish ishlarida 101 tup daraxt ildizi shikastlangan — Davlat ekologiya qo‘mitasi