Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov viloyatda koronavirusga chalingan bemorlarga qanday yordam ko‘rsatilayotgani va viloyatdagi vaziyat haqida ma’lumot berdi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati ma’lumotiga tayanib, “Daryo” muxbiri Farhod Norbo‘tayev xabar berdi.

“Viloyatda koronavirus bo‘yicha vaziyat yomonlashuviga jiddiy tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Shifoxonalarda zaxira o‘rinlar, ikki oylik dori-darmon, kerakli tibbiy uskunalar bemorlar soni oshishiga tayyorlab qo‘yilgan, — deydi viloyat hokimi Erkinjon Turdimov. — Xususan, COVID-19 bilan kasallanganlar uchun 8 mingta, og‘ir bemorlar uchun 100 ta jonlantirish o‘rni tayyorlangan. Tez yordam raqami (103) uchun 24 ta raqamli telefon apparati va operatorlar ishga tushirilgan. Telefon orqali tibbiy maslahat (1105) xizmati ham yo‘lga qo‘yilgan. Viloyatdagi 34 ta portativ rentgen apparatining barchasi koronavirus bilan ishlashga o‘tkazilgan va qo‘shimcha yana ikkita maxsus apparat sotib olingan”.

Viloyat hokimining ma’lum qilishicha, COVID-19’ni davolash uchun zarur bo‘ladigan 65 ta dorining ikki oylik zaxirasi tayyorlangan. Koronavirusga chalingan barcha bemorlarga dorilar viloyat budjeti hisobidan bepul yetkazib beriladi. Bundan tashqari, COVID-19 aniqlangan hollarda bemorni joylashtirishning maxsus tartibi joriy etilgan.

“Koronavirusga shubha qilingan bemorning uyiga shifokor bormaydi. Birinchi bosqichda bemor tez yordam xodimlari tomonidan maxsus qabul punktiga olib kelinadi. U yerda bemorga aniq tashxis qo‘yiladi va keyin shunga qarab bemor kerakli joyga joylashtiriladi, — dedi Erkinjon Turdimov. — Shifokorlar COVID-19 bilan kasallangan bemorning uyiga borsa va kasallik yuqtirib olsa, ertaga virusga qarshi kim kurashadi? Shifokorlar bugun bizning oltin fondimiz. Ularni asrashimiz kerak. Men o‘zim ko‘rdim. Shifokorlarning 99 foizi o‘z ishini a’lo darajada bajaryapti. Moddiy tomondan yordam bera olmasak ham, ma’naviy tomondan qo‘llab-quvvatlashimiz kerak”.

Erkinjon Turdimovning ta’kidlashicha, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi bilan hamkorlikda qishloq poliklinikalarida ishlovchi shifokorlarga ham maxsus yo‘riqnomalar berilgan. Bemorlar shifokorlar bilan muloqot qilishi uchun poliklinika shifokorlariga Uzmobile kompaniyasi tomonidan 800 ta telefon berilgan.

“Kasallik belgilari paydo bo‘lganda, o‘z-o‘zini davolamasdan darhol shifokorga murojaat qilish kerak. Profilaktika kerak, ehtiyotkorlik kerak, lekin belgilar paydo bo‘lganda, albatta, mutaxassisga murojaat qiling, — dedi Erkinjon Turdimov. — Sababi bir necha kun oldin samarqandlik yosh yigit koronavirusga chalingan, lekin buni oddiy shamollash deb o‘ylab, o‘zi davolanib yuravergan. Besh-olti kun o‘tib, ahvoli og‘irlashgan, harorati 40 darajaga chiqib, hushini yo‘qotgan. Shundan so‘ng uning onasi shifokorlarga murojaat qilgan. Bemor darhol jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan va bugungi kunda sog‘aydi. Ana shunday voqealarning oldini olishimiz kerak”.