Butun dunyoda koronavirus infeksiyasi asoratlari oqibatida vafot etgan bemorlar soni 600 ming nafardan (602 886 kishi) oshib ketdi. AQShning Jons Hopkins universiteti e’lon qilib borayotgan rasmiy, davlat va boshqa manbalarga asoslangan statistik ma’lumotlarda axborot berilgan.

Hindistonda maxsus kiyimdagi rohib koronavirus asoratidan vafot etganlarni yoqish marosimida ishtirok etmoqda

Foto: Reuters

2020-yil 19-iyul Toshkent vaqti 20:15 holatiga ko‘ra, qurbonlar soni bo‘yicha birinchi o‘rinni AQSh egallab turibdi, mamlakatda 140 131  nafar odam koronavirus oqibatida hayotdan ko‘z yumgan. Keyingi o‘rinlarda Braziliya – 78 772 ta va Buyuk Britaniya — 45 358 ta o‘lim holatlari bilan bormoqda.

Shuningdek, koronavirusdan vafot etganlar soni bo‘yicha o‘ntalik ro‘yxatga quyidagi davlatlar kirgan:

  • Meksika 38 888 ta o‘lim holati;
  • Italiya 35 042 ta o‘lim holati;
  • Fransiya 30 155 ta o‘lim holati;
  • Ispaniya 28 420 ta o‘lim holati;
  • Hindiston 26 816 ta o‘lim holati;
  • Eron 14 188 ta o‘lim holati;
  • Peru 12 998 ta o‘lim holati.

Rossiya o‘limlar soni bo‘yicha dunyoda 11-o‘rinni egallab turibdi. Mamlakatda koronavirus pandemiyasi boshlanganidan buyon 12,2 ming nafardan ortiq kishi infeksiya asoratlari oqibatida vafot etgan.

Avval COVID-19 bilan kasallanganlar soni dunyo bo‘yicha 14 million nafardan oshgani xabar qilingandi. Koronavirusga chalingan bemorlar soni bo‘yicha ham AQSh yaqqol yetakchi — pandemiya boshlanganidan beri infeksiyani yuqtirib olganlar soni 3,71 million nafarga yetgan. Keyingi o‘rinlarda Braziliya va Hindiston bormoqda, ushbu mamlakatlarda kasallanganlar soni mos ravishda 2 million va 1 million nafardan oshgan. Rossiya bu borada 4-o‘rinni egallaydi – 764,2 mingta kasallanish holati qayd etilgan.