Sankt-Peterburgdagi “Laxta sentr” quruvchilari maoshlarini so‘rab norozilik namoyishi o‘tkazdi, deb yozadi 47News. Ma’lumotlarga ko‘ra, mitingda 500 ga yaqin ishchi ishtirok etgan.
Jurnalistlarning so‘zlariga ko‘ra, norozilik namoyishi ishtirokchilarining aksariyati xorijlik ishchilar bo‘lib, rahbariyatdan o‘zlarining tilida bir qator narsalarni talab qilgan. Jurnalistlarning savollariga esa “maosh”, “aprel”, “may” degan so‘zlar bilan javob qaytarishgan. Mitingga politsiyachilar ham yetib kelgan, biroq ular hech kimni qo‘lga olmagan.
Qurilish bosh pudratchisining ma’lum qilishicha, namoyishga yig‘ilgan ishchilar qo‘shimcha ish haqi va 13-oylikni talab qilgan. Quruvchilar bilan muzokara o‘tkazish uchun maydonchaga O‘zbekistonning Peterburgdagi konsuli yetib kelgan.
“Barcha ishchilar mehnat qonunchiligiga muvofiq maosh olmoqda. Ishchilarning talablari muhokama qilinyapti, xususan, O‘zbekiston konsuli bilan birgalikda”, — deb xabar beradi “Laxta sentr” bosh pudratchisi hisoblanuvchi “Renessans Konstrakshn” kompaniyasi.
Bundan tashqari, shu turdagi norozilik aksiyasi 17-iyul kuni Sheremetyevo aeroportining birinchi uchish-qo‘nish yo‘lagidagi qurilish maydonchasida ham bo‘lib o‘tgan. Telegram’dagi Baza kanalining yozishicha, u yerga yuzdan ortiq ishchilar to‘planib, va’da qilingan maoshlarini talab qilgan.
Avvalroq Rossiyaning Amur viloyatida gazni qayta ishlash zavodi qurilishini amalga oshirayotgan Renaissance Heavy Industries kompaniyasi ishchilari uch oy davomida maosh olmaganligi sababli isyon ko‘targani, O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi tomonidan mazkur holat nazoratga olingani va mazkur masala bo‘yicha Rossiya Ichki ishlar vazirligi, boshqa vakolatli organlar bilan muntazam muloqot olib borilayotgani xabar qilingandi. Keyinroq o‘zbekistonlik ishchilarga moddiy ko‘mak taklif qilingan edi.
Izoh (0)