Sirdaryo viloyati musiqali drama teatri aktyori O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Adham Abdullayev vafot etdi. Bu haqda Sirdaryo viloyati musiqali drama teatri matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Sirdaryo musiqali drama teatri matbuot xizmati

Adham Abdullayev 1953-yil Toshkent viloyatida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy. 2002-yilda “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist” unvoni bilan mukofotlangan.

Adham Abdullayev 1975-yil Sirdaryo viloyat musiqali drama teatrida o‘z ijodiy faoliyatini boshlagan. Ijodkor o‘tgan yillar mobaynida 130 dan ziyod dramatik, tragik, hajviy, musiqiy hamda ertak qahramonlarining betakror obrazlarini yaratgan.

“So‘nggi fojia”da Shavkat, “Serg‘ayrat kishilar”da Soddadil, “Richard III”da Lord Xestinges, “Hammom”da Belvidonskiy, “Qizbuloq”da Gung, “Imzo”da Leonid Shindin, “Soxta oqsuyak”da Raqs muallimi, “Chorbog‘dagi hangomalar”da Lomov Ivan Vasilyevich, “Alisher Navoiy”da Majididdin, “Oddiy askarlar”da Kapitan Dugin, “Hiylayi sha’riy”da Sharif, “Chanduning sarguzashlari”da Keku Banya, “Qirol Lir”da Gersog Albani rollari shular jumlasidandir.

Teatrshunos, jurnalist sifatida “Sirdaryo viloyati teatri tarixi, aktyor va rejissorlari faoliyatiga oid yozgan o‘nlab ilmiy maqolalari respublika va viloyat gazeta hamda jurnallarida chop etilgan.