“Navbahor” futbol klubi bosh murabbiyi Andrey Kanchelskis Coca-Cola Superliga 9-turi doirasida “Qizilqum”ga qarshi kechgan uchrashuvdan (1:0) keyin o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
“Ko‘rdingiz og‘ir o‘yin bo‘ldi. “Bunyodkor” bilan o‘yindan keyin yigitlar barchasini tushunib oldi. Kecha futbolchilar tibbiy ko‘rikdan o‘tdi, test topshirdi. Yaratganga shukur barcha sog‘ va salomat.
Yigitlarda xohish va intilish kuchli bo‘ldi. Ha, biz bundan ham ko‘prog‘ini istaymiz. Raqib ham bu yerga mag‘lubiyat uchun kelmagandi. “Bunyodkor” bilan o‘yindan keyin yigitlarni ruhiy tomondan tiklashimiz kerak edi. Ochig‘i bizga uch ochko suv va havodek zarur edi. Oldinga harakat qilishda davom etamiz va “Surxon” bilan o‘yinga jiddiy hozirlik ko‘ramiz. O‘yinni o‘tirib tahlil qilamiz.
Ha, futbolchilar hali yuqori sport formasida emas. Ayrim futbolchilar o‘ziga o‘xshamayapti. Ismini aytib o‘tirmoqchi emasman. Shunday bo‘lsa-da ularga va bizni uzoqdan qo‘llab-quvvatlab turgan muxlislarga minnatdorchilik bildirib qolaman”, — deya Kanchelskis so‘zlarini keltirmoqda “Championat.asia”.
Mazkur g‘alabadan keyin “Navbahor” ochkolarini 17 taga yetkazib oldi va uchinchi o‘ringa ko‘tarildi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)