Ancha asabiy tarzda o‘tgan iyul oyining ikkinchi haftasi ham o‘z nihoyasiga yetdi. Xo‘sh, bu hafta nimalari bilan yodimizda qoldi? Dayjestni boshladik.

Koronaxabarlar

Karantin choralari yumshayotgan, kasallik chekina boshlagan Yevropaning ayrim davlatlarida karantin choralari yana qaytadan tashkil etildi. Xususan, Ispaniya hukumati kasallik tarqalishi xavfi ostida bir qator plyajlarni yopdi. Andalusiyadagi 50 dan ortiq plyaj yopilgan, ulardan qariyb 30 tasi Malagada joylashgan. Mahalliy rasmiylarning bunday choralarni qo‘llashiga dam olish kunlarida plyajlar to‘lib ketgani va odamlar u yerda ijtimoiy masofani saqlamagani sabab bo‘lgan.

Foto: “RIA Novosti”

Koronavirus bilan bog‘liq vaziyat sababli mamlakatning shimoli-g‘arbidagi Galisiya viloyatida yaqinda bekor qilingan ba’zi cheklovlar qayta tiklangan. Dengiz bo‘yida joylashgan tumanlardan birining aholisiga mamlakatning boshqa hududlariga borish taqiqlangan. Bundan tashqari, u yerda niqob taqish majburiy etib belgilangan va 10 kishidan ortiq odamning to‘planishi taqiqlangan. Bar va restoranlar tashrif buyuruvchilar sonini 50 foizga qisqartirishi kerak.

Shuningdek, 4-iyul kuni Kataloniyada ham cheklov choralari joriy qilindi. Segri hududida 200 mingdan ortiq odam karantinga olingan, ularning boshqa shaharga borishiga ruxsat berilmaydi. Hafta oxiriga kelib, aynan Ispaniyada xavfsiz plyajlar tashkil etilgani haqida xabarlar chiqdi. “Himoya”ga ega kurort Tarragona port shahrida paydo bo‘lgan. U yerda “Jannat” nomli maxsus kemping qurilgan bo‘lib, uning hududida niqoblarsiz yurish va ijtimoiy masofalanishga rioya qilmagan holda dam olish mumkin.

Buning uchun ushbu hududda dam olishni istagan turistlar 100 yevro evaziga koronavirusga test topshirishi lozim. Turistlar sport maydonchasi, basseyn, restoran va boshqa ko‘ngilochar maskanlarga ega plyaj ko‘rinishidagi hududga joylashishlari mumkin.

Ispaniyaning qo‘shnisi Fransiyada esa karantin talablari yengillanishda davom etmoqda. Mamlakat poytaxti Parij shahrida mart oyidan buyon yopilgan dunyodagi eng katta muzey — Luvr muzeyi o‘tgan haftada o‘z eshiklarini tashrif buyuruvchilarga ochdi. Muzey tomonidan ma’lum qilinishicha, u 6-iyuldan boshlab o‘z faoliyatini qayta tikladi.

Qayd etilishicha, tashrif buyuruvchilar uchun zallarning 70 foizi ochiq bo‘ladi. Muzey tashrif buyuruvchilarni sabrsizlik bilan kutayotgan bo‘lsa-da, ular yuqori sanitar xavfsizlik sharoitlarida qabul qilinadi. Xususan, muzeyga tashrif buyuruvchilarning barchasi hech qanday istisnosiz muzey sayti orqali u yerga tashrifning aniq vaqtini ko‘rsatgan holda talon olishi kerak bo‘ladi. Muzey ma’muriyati tomonidan ta’kidlanishicha, chiptalarni muzeyning o‘zida ham sotib olish mumkin, biroq buning uchun yetarlicha joy bo‘lishi va keluvchilar oqimi kam bo‘lishi kerak.

O‘tgan haftada epidemiyaning yangi o‘chog‘i bo‘lmish Lotin Amerikasi davlatlarining ikki prezidentida koronavirus kasalligi aniqlandi. Ular Boliviyaning muvaqqat prezidenti Janin Anyes hamda Braziliya prezidenti Jair Bolsonarudir. “Ahvolim yaxshi, izolyatsiyadan turib ishlayman”, — deb yozadi Boliviya muvaqqat prezidenti Anyes o‘zining Twitter’dagi sahifasida.

Boliviyaning muvaqqat prezidenti Janin Anyes.

Foto: AP Photo

Boliviya prezidenti vazifasini vaqtincha bajaruvchi Janin Anyes 53 yoshda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, koronavirus nafaqat keksalar, balki yoshlarga ham birdek zarar yetkazadi. Biroq surunkali kasalligi borlarda infeksiya og‘ir shaklda kechmoqda.

Braziliya prezidenti Bolsonaruning ma’lum qilishicha, u o‘zida o‘tkir respirator virusli kasallik alomatlarini sezgach, koronavirusga test topshirgan va test prezidentda koronavirus borligini ko‘rsatgan. Bolsonaru ommaviy va davomiy ravishda koronavirusning xavfini rad etgan kam sonli davlat rahbarlaridan biri hisoblanadi.

O‘tgan hafta davomida kasallik bilan bog‘liq xavotirli vaziyat qo‘shni Qozog‘istonda ham kuzatilgan. Hafta boshida Qozog‘istonning Olmaota shahri rasmiylari shaharda yaqin kunlarda kuzatilayotgan o‘tkir respirator virusli infeksiyalar (O‘RVI) va pnevmoniyaga chalinganlar soni ortganini epidemiya deb atadi. Bu haqda shahar hokimi Bakitjan Sag‘intayev o‘zining Instagram’dagi sahifasida ma’lum qildi.

Xitoyning Qozog‘istondagi elchixonasi o‘z saytida mamlakatda bo‘lib turgan xitoylik fuqarolarni respublika hududida pnevmoniyaning xavfli turini keltirib chiqaradigan yangi infeksiya tarqalganidan ogohlantirdi. Buning ortidan Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi Xitoyning bir qator OAVlarida qayd etilgan bunday xabarlarni rad etdi. “Qozog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi ushbu ma’lumot haqiqatga zidligini rasman e’lon qiladi”, — deyiladi vazirlik bayonotida.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Xitoy elchixonasi tomonidan Qozog‘istonda pnevmoniyaning noma’lum turi tarqalgani haqida berilgan ogohlantirishdan keyin Qozog‘iston hukumati bilan aloqada bo‘lib turganini ma’lum qildi. Shuningdek, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Qozog‘istonda tarqalgan “noma’lum” pnevmoniya koronavirus bo‘lishi mumkinligini ma’lum qildi. JSSTning sog‘liqni saqlash sohasida favqulodda vaziyatlar bo‘yicha dasturi direktori Maykl Rayanning fikricha, mavjud holatlarda “shunchaki noto‘g‘ri tashxis qo‘yilgan”.

Uning qo‘shimcha qilishicha, JSST Qozog‘iston hukumati bilan birgalikda kasallik koronavirus belgilariga mos kelish-kelmasligini o‘rganish maqsadida pnevmoniyaga chalinganlarning rentgen tasvirlarini tekshirmoqda. “Sog‘liqni saqlash organlari soxta salbiy testlar yo‘qligiga ishonch hosil qilish maqsadida o‘tkazilgan test hamda sinovlar sifatini tekshiradi”, — deydi Rayan.

Foto: “RIA Novosti”

O‘tgan haftada Olmaota viloyati hokimi o‘rinbosari va viloyat bosh sanitariya vrachi pnevmoniyadan vafot etgan.

COVID-19 pandemiyasi bilan bog‘liq holatlarni onlayn kuzatib borish imkonini beruvchi “covidvisualizer.com” saytining ma’lumotlariga ko‘ra, hozirga kelib dunyoda kasallikka chalingan bemorlar soni 12 946 731 tani tashkil qilmoqda. Shulardan 569 377 (4,40 %) nafari vafot etgan bo‘lsa, 7 544 030 (58,27 %) nafari tuzalib ketgan. Hozirga kelib butun dunyoda aktiv holatlar soni 4 833 324 tani tashkil qiladi.

Kasallik yuqtirib olish bo‘yicha dunyoda AQSh yetakchilik qilmoqda. Mamlakatda kasallikka chalinganlar soni 3,4 millionga yaqinlashgan. Shulardan 1,5 millioni tuzalgan bo‘lsa, 140 mingga yaqin bemor vafot etgan. Undan keyingi o‘rinlarda Braziliya (1 846 249 ta holat) va Hindiston (878 597 ta holat) bormoqda. Hindiston o‘tgan haftada bu boradagi ko‘rsatkichda Rossiyani (727 162 ta holat) quvib o‘tgan.

Avliyo Sofiyaning “tirilishi”

O‘tgan haftada Turkiyada butun dunyoni oyoqqa turg‘izgan voqea yuz berdi, desak yanglishmagan bo‘lamiz. 10-iyul kuni Turkiya Oliy mahkamasi Turkiya jumhuriyati hukumatining 1934-yilgi Avliyo Sofiya masjidini muzeyga aylantirish haqidagi qarorni noqonuniy deb topdi. Buning ortidan Turkiya prezidenti Rajab Toyyip Erdo‘g‘on Avliyo Sofiya ibodatxonasini masjidga aylantirish haqidagi farmonni imzoladi. Farmonda obyektni Turkiya din ishlari boshqarmasi ixtiyoriga o‘tkazish, uni masjid sifatida qayta ochish va binoda namoz o‘qish uchun munosib sharoitlar yaratish masalalari ham qayd etilgan.

Buning ortidan dunyoning bir qator davlatlari, jumladan, Rossiya, Yevropa ittifoqi, AQSh, Gretsiya kabi davlatlar o‘z noroziliklarini bildirdi. Bu boradagi dastlabki “hujum”ni rus Provoslav jamiyati qildi. Jamiyat matbuot kotibi Avliyo Sofiyaning qaytadan masjid qilib belgilanishidan afsusda ekanini bildirdi.

Foto: AP Photo

Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar bo‘yicha yuqori vakili Jozep Borrel Avliyo Sofiya ibodatxonasi buyuk ramziy, tarixiy va dunyoviy ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. “Yevropa Ittifoqi Turkiya davlat kengashining tarixiy qarorlaridan birini bekor qilish to‘g‘risidagi va prezident Erdo‘g‘onning yodgorlikni Turkiya diniy ishlar boshqarmasiga topshirish bo‘yicha qaroridan afsusda”, — deyiladi Yevropa Ittifoqi diplomatiyasi rahbarining bayonotida.

Bunday iddaolarga javoban, Turkiya prezidenti Rajab Toyyip Erdo‘g‘on Avliyo Sofiya majmuasini masjidga aylantirish masalasida boshqa davlatlarning fikri ahamiyatsiz ekanini ma’lum qildi. “Turkiya xalqning xohishi va istagiga ko‘ra, Avliyo Sofiyaning maqomini muzeydan masjidga o‘zgartirish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Boshqa davlatlarning fikri bizning qarorimizga ta’sir qila olmaydi”, — dedi Rajab Toyyip Erdo‘g‘on.

Erdo‘g‘on Turkiyani tanqid qilganlar “o‘z hududlarida islomofobiya bilan kurasha olmaydi”, deb qo‘shimcha qildi. Shuningdek, mamlakat prezidenti qabul qilingan qarorni Turkiyaning suveren huquqi ekanini aytdi.

Avliyo Sofiya atrofidagi bahs

Istanbulda Avliyo Sofiya ibodatxonasining masjidga aylantirilishi borasidagi bahs-munozaralar 29-may kuni Konstantinopolning qulashi munosabati bilan u yerda Qur’on xatm qilinganidan keyin boshlanib ketgan. Oradan bir hafta o‘tgach, Erdo‘g‘on ibodatxonani masjidga aylantirish imkoniyatini ko‘rib chiqishni buyurgan. Keyinchalik adliya vaziri Abdulhamid Gul hamda tashqi ishlar vaziri Mevlud Chavusho‘g‘lu ibodatxonaning yana masjidga aylantirilishi tarafdori ekanini bildirgan.

1985-yilda masjid YuNESKOning butunjahon madaniy merosi obyektlari ro‘yxatiga kiritilgan.

AQShda tornadolar

O‘tgan haftada AQShning bir qator hududlarida kuchli tornadolar yuz berdi. Qayd etilishicha, ko‘p sonli tornadolar Janubiy Dakota shtatida va Minnesota shtatining markaziy qismida yuz bergan. Fermalar va odamlarning uylari zararlangan. Ba’zi joylarda tornado daraxtlarni sindirgan va tuproqning yuqori qatlamini zararlagan. Bir kishi halok bo‘lgan.

Foto: “Korrespondent.net”

Dunyo aholisi o‘sdi

10-iyul kuni Germaniyaning “Yer aholisi” fondi (Stiftung Weltbevölkerung — DSW) Yer sayyorasida aholi soni 7,8 milliardga yetkanini xabar qildi. Fond xabarida Yer sayyorasida yashovchi aholi soni har yili 82 million nafarga ko‘payayotgani va bu Germaniyada yashaydigan fuqarolar soniga teng ekani qayd etildi. Butun dunyoda har soniyada o‘rtacha 2,6 nafar chaqaloq tug‘iladi.

DSW ekspertlari aholi sonining bunday yuqori sur’atlarda ko‘payishiga ayrim mamlakatlarda, ayniqsa, uchinchi dunyo davlatlarida erta homiladorlik, erta nikoh holatlari sabab bo‘layotganini qayd etdi. Butun dunyoda har beshta homiladorlikdan ikkitasi ayol irodasiga zid ravishda yuzaga kelishi aytilgan. Ekspertlar ushbu vaziyatni aholi orasida targ‘ibot ishlarini olib borish orqali bartaraf etish mumkin deb hisoblamoqda.

DSW ma’lumotiga ko‘ra, Afrika qit’asidagi mamlakatlarda bu boradagi vaziyat ancha og‘ir, xususan, Sahroyi Kabir atroflarida har ikkinchi ayol jinsiy himoya vositalariga ega emas. Ushbu hududda tug‘ilishlar soni nisbatan kamaygan bo‘lsa ham, har onaga 4,4 nafardan bola (butun dunyoda bu ko‘rsatkich 2,4 chaqaloqni tashkil qiladi) to‘g‘ri kelmoqda. Oqibatda, BMT prognozlari bo‘yicha 2050-yilga borib mintaqadagi aholi soni 1,3 milliarddan 2,5 milliardga yetadi.

Bizda hozircha shu.

Jahongir Ostonov tayyorladi.