Dezinfeksiyalash uchun mo‘ljallangan tunnellar COVID-19 koronavirus infeksiyasidan himoya qila olmaydi, ammo ular rotavirus va boshqa kontaktli infeksiyalardan himoya qila oladi, deydi Germaniyaning yetakchi virusologlaridan biri, Bonn universiteti Virusologiya va OIVni tadqiq qilish instituti direktori, professor Hendrik Shtrik. Bu haqda “RIA Novosti” xabar berdi.

Foto: total.kz

“SARS-CoV-2 uchun asosiy uyalar bronxlar va o‘pkalarda joylashgan. Shuning uchun tashqi dezinfeksiyalash samarasizdir”, – deydi Shtrik koronavirusga qarshi bunday qurilmaning samaradorligi haqidagi savolga javob berar ekan.

“Ammo boshqa viruslar, masalan, uzoq vaqt davomida saqlanib turadigan rotaviruslar va noroviruslar uchun samaralidir. Dezinfeksiya, ayniqsa qo‘lni yaxshi dezinfeksiya qilish muhimdir”, – deya qo‘shimcha qildi mutaxassis.

Avvalroq Penza viloyati hukumati matbuot xizmati Penza kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan dezinfeksiyalash uchun maxsus tunnel Rossiya prezidentining Novo-Ogaryovodagi ishchi qarorgohida o‘rnatilgani haqida xabar bergan edi.

Davlat rahbarining matbuot kotibi Dmitriy Peskov dezinfeksiyalash uchun tunnel nafaqat u yerda, balki Kremlda ham o‘rnatilganligini, COVID-19 bilan epidemiologik vaziyat sababli qo‘shimcha choralar asosli va tushunarli ekanligini aytdi.