Xitoyda so‘nggi sutkada koronavirus bilan kasallanish bo‘yicha 5 ta va kasallik belgisiz o‘tayotgan 4 ta holat aniqlandi, bemorlarning 12 nafari sog‘aydi, vafot etish holatlari qayd etilmadi. Bu haqda Xitoy Sog‘liqni saqlash milliy komissiyasining 2-iyuldagi ma’lumotiga tayanib, “RIA Novosti” xabar berdi.
Qayd etilishicha, aniqlangan 3 ta holatning 2 tasi mamlakatning o‘zida, Pekin shahrida, qolgan 3 kishi virusni chetdan yuqtirgan.
Mamlakatda umumiy hisobda 83 542 kishi koronavirusga chalingan, ularning 78 499 nafari sog‘aygan, 4634 nafar bemor COVID-19 qurboniga aylangan. Kasalxonada 409 kishi davolanishda qolmoqda.
Shuningdek, Xitoyda kasallik belgisiz o‘tayotgan 4 ta holat aniqlangan. Shunday kishilarning yana 97 nafari kuzatuvda bo‘lib turibdi.
Avvalroq Xitoyda cho‘chqa grippining yangi shtammi aniqlangani, u yangi pandemiyani yuzaga keltirishi mumkinligi xabar berilgandi. Keyinroq Xitoy hukumati cho‘chqa grippining yangi shtammi pandemiyani yuzaga keltirishi mumkinligi haqidagi tadqiqot natijalarini ishonchsiz deb topdi.
Janubiy Koreyada esa sutka davomida 63 kishi koronavirusga chalingani qayd etilib, kasallanganlarning umumiy soni 12 967 nafarga yetdi.
Kasalliklar profilaktikasi va nazorati markazi (KCDC) ma’lumotlariga ko‘ra, yangi kasallanish holatlarining 52 tasi mamlakatning o‘zida, qolgan 11 tasi chetdan yuqtirilgan.
Sutka davomida 75 kishi sog‘ayib, tuzalganlarning umumiy soni 11 759 nafarga yetdi. Kasallik qurbonlari soni o‘zgarmagan bo‘lib, 282 nafarni tashkil etmoqda.
Mamlakatda koronavirusni aniqlash bo‘yicha qariyb 1,3 millionta test o‘tkazilgan.
KCDC ma’lumotlariga ko‘ra, Janubiy Koreya 1-iyuldan boshlab “Remdesivir” dori vositasini sotib olishni boshladi. “Remdesivir” Yevropa Ittifoqida ruxsat olish uchun tavsiya qilingan koronavirusga qarshi ilk dori vositasi hisoblanadi. Bu dori vositasi og‘ir ahvoldagi bemorlarni davolashda qo‘llaniladi.
Qayd etilishicha, 7-iyulga qadar kasalxonalar “Remdesivir” bilan bepul ta’minlanadi, 8-iyuldan boshlab esa uning narxi muhokama qilinadi.
Izoh (0)