Xitoy va Janubiy Koreyada yangi kasallanish holatlarining kuzatilishi COVID-19 pandemiyasi birinchi to‘lqinining davomi bo‘lishi mumkin. “RBK” nashriga axborot bergan ekspertlar ikkinchi to‘lqin hali boshlanmaganini qayd etdi.

Foto: “Moskva”

Xitoyda 12-iyunda koronavirusga chalinish holatlari keskin o‘sdi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) 24-iyunda mamlakatda 439 nafar kishi COVID-19 yuqtirib olganini ma’lum qilgan. Xitoyda apreldan beri sutkalik kasallanishlar soni 20 tadan oshmay kelayotgandi. Janubiy Koreyada esa koronavirusga chalinganlar soni bahor oxirida orta boshlagan. JSST bergan axborotga ko‘ra, mamlakatda 27-may kuni mingdan ortiq holat qayd etilgan.

Rossiya xalqlar do‘stligi universiteti yuqumli kasalliklar kafedrasi mudiri, infeksionist-vrach Galina Kojevnikovaning fikricha, kasallanganlarni muayyan vaqt davomida aniqlash koronavirusga test qilishga ketadigan davr bilan bir xil.

“Bu yangi to‘lqin emas, chunki virus butunlay yo‘qolgani yo‘q, biz u bilan yashaymiz. Ayrim mamlakatlarda keng qamrovli test qilish ishlari amalga oshirilmoqda, shu sababli ham yangi kasallinish holatlari aniqlanmoqda. 17 yoki 70 ta holat kuzatilganida kasallanish holatlari o‘sgani xususida gapirishga hali erta. Germaniyada bitta korxonada mingtagacha holat kuzatilishi ham ajablanarli emas, bu yuqori darajadagi muloqotga moyil muayyan sharoitda yashayotgan lokal kasallanish holati”, — deydi Kojevnikova.

Kojevnikova koronavirusga chalinganlar soni oktabr-noyabr oylarida yana ortishining sababi sifatida kuz-qish mavsumida o‘tkir respirator kasalliklar epidemiyasi boshlanishini bildirgan.

“Bu ta’tillar tugab, maktablar, institutlarda ta’limning boshlanishi, ya’ni odamlaning yopiq inshootlardagi mehnat jamoalariga qaytishi bilan bevosita bog‘liq. Hozir binolar tez-tez shamollatilib, muloqotni cheklab, ko‘proq vaqtni ko‘chada o‘tkazish mumkin. Odamlarning to‘planishi ko‘pincha o‘tkir respirator kasalliklar va katta ehtimol bilan koronavirus bilan kasallanish holatlarining ko‘payishiga olib keladi”, — degan infeksionist.

“Ikkinchi to‘lqin haqida gapirishdan avval gap virusning qaysi shtammi haqida borayotganiga aniqlik kiritib olish lozim. Bu xorijdan yuqtirilgan shtamm bo‘lishining ehtimoli yuqori. Xitoyliklar ham uning birinchi to‘lqindagi virus shtammidan farqlanishini ma’lum qilgan”, — deydi Iqtisodiyot oliy maktabi sog‘liqni saqlash instituti direktori Larisa Popovich.

Uning so‘zlariga ko‘ra, infeksiya kasallik tashuvchilar organizmida aylanib yuraveradi, ular garchi o‘zi kasal bo‘lmasa ham turli yo‘llar bilan koronavirusni boshqalarga yuqtiradi. Popovich COVID-19 haqidagi ma’lumotlar ko‘p emasligi, virusning kamida uchta shtammi borligi va ular may oyida tadqiq qilinganini ta’kidlagan.

“Janubiy Osiyo shtammi Yevropanikidan farq qiladi, u nisbatan yengilroq edi. AQShda ham ikkita shtamm qayd etilgan, g‘arbiy va sharqiy shtatlarda virusning tarqalish dinamikasidagi tafovutning asosiy sababi ham shunda”, — degan Popovich.

Ekspertning aytishicha, COVID-19 virusining asosiy qismi barqaror bo‘lib qolayotganiga qaramay, genotipning qolgan elementlari, jumladan, uning yuqumliligini belgilaydiganlari o‘zgaruvchan.

“Har qanday virus mutatsiyasi tasodifiy yuz beradi, shuning uchun ham keyingi virusning qayerda bo‘lishini oldindan aytish, muloqotga kirishuvchanligi va oqibatlarini taxmin qilishning imkoni yo‘q”, — deya qayd etgan Popovich.

Gamaleya nomidagi epidemiologiya va mikrobiologiya ilmiy-tadqiqot markazi virusologi Anatoliy Altshteyn Janubiy Koreyada epidemiyaning nisbatan yengil o‘tgani, kasallanganlar va vafot etganlar sonining kamligini ta’kidlagan. U ham ikkinchi to‘lqin haqida gapirishga erta ekanini qayd etgan.

“Rossiyada va Moskva shahrida ham pasayish kuzatilmoqda, lekin men cheklovlar bekor qilinganidan keyin kasallanish holatlari yana o‘sishi mumkinligini inkor qilmayman”, — degan Altshteyn.

Muayyan holatlarda kasallikning lokal tarqalishi borasidagi fikrlarga tibbiyot fanlari doktori Nikolay Malishev ham qo‘shilgan.

“Global to‘lqin belgilarini ko‘rmayapman, lokal tarqalish esa kuzatilishi mumkin. Bunda hamma narsa hukumatning choralariga bog‘liq”, — degan “RBK” suhbatdoshi.

Avval Janubiy Koreyaning yuqumli kassalliklarni bartaraf etish va nazorat qilish markazi (KCDC) Seulda yangi kasallanish holatlari kuzatilganini ma’lum qilgan. Hafta boshida 17 ta yangi holat qayd etilgan bo‘lib, bu 26-maydan beri kuzatilgan eng kam kasallanish ko‘rsatkichidir. KCDC rahbariyati mamlakatda pandemiyaning ikkinchi to‘lqini boshlandi deb hisoblamoqda, bu safar epidemiyaga tungi klublarda karantin me’yorlariga amal qilmaslik sabab bo‘lgan.

Xitoyda iyun boshida “Sinfadi” ulgurji bozorida koronavirus aniqlangan. Bozor joylashgan Fentay hududida harbiy holat rejimi e’lon qilingan. 15-iyunda 76 ming odam test qilinib, 59 kishida koronavirus aniqlangan.

Rossiya sog‘liqni saqlash vaziri Mixail Murashko ham mamlakatda epidemiyaning ikkinchi to‘lqini kuzatilishi mumkinligini inkor etmagan. U infeksiyaning birinchi kelishiga nisbatan kuchsizroq o‘tishi haqida fikr bildirgan. “Rospotrebnadzor” rahbari Anna Popova ham Rossiya kuzda epidemiyaning ikkinchi to‘lqini bo‘lishiga tayyor turishi lozimligini qayd etgan.