Pekin ulgurji bozorida koronavirus aniqlangani sabab qo‘shni Xebey provinsiyasining Baodin shahrida harbiy holat rejimi e’lon qilindi. Bu haqda hukumat vakillariga tayanib, NBD xabar berdi.

Foto: Getty Images

Hukumat bu kabi qarorni Baodin Pekin yaqinida joylashgani, ikki shahar orasida yuk tashish va fuqarolarning harakati juda yaqin bo‘lgani sabab qabul qilgan.

Ma’lumotlar ko‘ra, Baodin shahrida 11,5 million odam istiqomat qiladi. Shahar Pekindan 140 kilometr uzoqlikda joylashgan.

Pekinning Fentay tumanida joylashgan “Sinfadi” ulgurji bozori 13-iyun kuni koronavirus xavfi sabab yopilgan edi. Ta’kidlanishicha, bozorga kelgan 517 kishining 45 nafarida koronavirus aniqlangan.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoyda so‘nggi sutkada koronavirus bilan kasallanish bo‘yicha 49 ta va kasallik belgisiz o‘tayotgan 18 ta holat aniqlangan. Mamlakatda umumiy hisobda 83 181 kishi koronavirusga chalingan. Bemorlarning 78 370 nafari sog‘aygan, 4 634 nafari vafot etgan.