Seul va uning atrofidagi shaharlarda koronavirus bilan kasallanishning ikkinchi to‘lqini qayd etildi. Bu haqda Janubiy Koreya Kasalliklar profilaktikasi va nazorati markazi (KCDC) rahbari Chon In Gyonga tayanib, “RIA Novosti” xabar berdi.

Foto: Newsone

“Biz avval boshidan ikkinchi to‘lqin kuz yoki qishda boshlanishini taxmin qilgandik. Biroq prognozlarimiz noto‘g‘ri bo‘lib chiqdi. Fikrimizcha, odamlar bir-biri bilan aloqada bo‘lar ekan, infeksiya tarqalishda davom etadi”, — deydi u.

Chon In Gyonning ta’kidlashicha, Seulda ikkinchi to‘lqin may oyining boshida boshlangan.

O‘z navbatida Janubiy Koreya poytaxti administratsiyasi agarda yaqin uch kunda yangi kasallanish holatlari kuniga o‘rtacha 30 kishidan oshsa yoki shifoxonalar 70 foizdan ortiqroqqa to‘lib ketsa, ijtimoiy masofalanishning qattiq rejimi yana joriy etilishi mumkinligi haqida ogohlantirgan.

Avvalroq italiyalik olim koronavirusning ikkinchi to‘lqini kuzda yuz berishi mumkinligini taxmin qilgandi, JSST vakili esa pandemiyaning ikkinchi to‘lqini bo‘lmasligini ta’minlash mumkinligini bildirgandi.