Peruda yashovchi Mariya Tambo qizlari bilan koronavirus yetib bormagan ona qishlog‘iga yetib borish uchun 560 kilometr masofani piyoda bosib o‘tdi. Oila jaziramada, tog‘ yo‘llaridan yurib, qishloqqa yetib borgan. Bu haqda CNN xabar berdi.
40 yoshli ayol karantin joriy qilinguniga qadar 17 yoshli qizi Ameli kirish imtihonlariga tayyorlanishi uchun poytaxt Limaga kichik qishloqdan ko‘chib kelgan edi. Ameli oiladagi birinchi oliy ma’lumotli ayol bo‘lishi kutilmoqda.
Biroq Peruda karantin joriy qilindi va harakatlanish cheklandi. Tambo qizlari bilan kichik xonani ijraga olib, yashayotgan edi. May oyi boshida ularning puli tugadi.
Oila mamlakatning narigi burchagidagi Ukayali provinsiyasidagi qishloqlariga piyoda yetib olishga qaror qildi.
“Men farzandlarim hayotini xavf ostiga qo‘yayotganimni bilardim. Biroq menda tanlash imkoni yo‘q edi. Yoki Limadagi kichik xonada ochlikdan o‘lardik yoki tavakkal qilib yo‘lga chiqish”, — deydi Mariya Tambo.
Oila umumiy hisobda 560 kilometr piyoda yurgan. Ba’zan saxovatli insonlar ularning uzog‘ini yaqin qilgan. Biroq yo‘lning asosiy qismini piyoda bosib o‘tishgan. Ular And tog‘larining Perudagi qismidan o‘tgan. Tambo va qizlari bir hafta yo‘l yurgan. Hozirda oila o‘z uyida. Biroq COVID-19 tufayli ular ikki hafta karantinda bo‘lgan.
Izoh (0)