Toshkentda 7-iyun kuni koronavirus infeksiyasini yuqtirib olganlik bilan bog‘liq 195 ta holat aniqlandi. Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlari shundan dalolat bermoqda. Bu shu kuni O‘zbekiston bo‘yicha aniqlangan kasallanish holatlarining (237 ta) 82 foizini tashkil etdi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi 7-iyun kuni soat 10:00 da Toshkentda koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lgan 87 kishida, soat 18:00 da esa 98 kishida kasallik tasdiqlanganini ma’lum qildi. Vazirlikning soat 23:00 dagi axborotida Toshkentda aholi orasida yana 10 kishida koronavirus chiqqani bildirildi.

Ta’kidlash joiz, shu vaqtgacha butun O‘zbekiston bo‘yicha bir kunlik kasallanish holatlari soni bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich 14-aprel kuni qayd etilgan, o‘shanda 167 kishida koronavirus aniqlangan edi. Poytaxtda kasallanganlar soni keskin o‘sishi sabablari yuzasidan hozircha biror rasmiy izoh berilganicha yo‘q.

Toshkentda 7-iyun soat 23:00 holatiga ko‘ra, koronavirusga chalingan jami 2219 nafar bemor ro‘yxatga olingan (ularning bir qismi Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida aniqlanib, poytaxtga o‘tkazilgan bemorlardir). Hozirgacha ulardan 1468 nafari (yoki 66 foizi) butunlay sog‘aygan, 728 nafari esa davolanishni davom ettirmoqda; 9 bemor vafot etgan.

Toshkent “qizil” hududga aylanadimi?

Karantin tartibini yengillashtirish tadbirlari doirasida O‘zbekiston hududlari 8-maydan e’tiboran “yashil”, “sariq” va “qizil” toifalarga ajratib chiqilgan, Toshkent shahri “sariq” toifadagi hududlar qatoridan o‘rin olgan edi. So‘nggi yarim oy ichida “yashil” va “sariq” toifalardagi hududlarda karantin tartibi yanada yumshatildi.

Xususan, “sariq” toifadagi hududlarda shaxsiy avtotransportda soat 6:00 dan 22:00 gacha maxsus stikersiz harakatlanishga, taksi, park va istirohat bog‘lari faoliyati va boshqalarga ruxsat berilgan edi. E’tiborli tomoni, Toshkent shahrida 8-iyundan jamoat transporti harakati ham (qisman, metropolitensiz) tiklanishi kutilmoqda.

Aynan karantin talablari yumshatilishi bilan bir vaqtda Toshkent shahrida koronavirus infeksiyasini yuqtirib olish bilan bog‘liq holatlar soni sezilarli ko‘paydi, shaharda kasallikning bir necha yaqqol o‘choqlari (“O‘rikzor” bozori, Qoratoshdagi Mediapark) paydo bo‘ldi. Ma’lumot uchun, 1-iyun kuni Toshkent shahrida 23 ta, 2-iyun kuni 7 ta, 3-iyun kuni 2 ta, 4-iyun kuni 9 ta, 5-iyun kuni 16 ta va 6-iyun kuni 10 ta holat aniqlangan.

Hududlarni epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib turli toifalarga bo‘lish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan vaqtda doimiy ravishda koronavirus infeksiyasiga chalinish holatlari aniqlangan hududlar “sariq” toifadan “qizil”ga o‘tkazilishi ta’kidlangan edi. Aynan shu qoidadan kelib chiqib, masalan, Navoiy viloyatining Zarafshon shahri, Buxoroning Shofirkon, Namanganning To‘raqo‘rg‘on tumanlari “qizil” hududga aylandi.

Toshkent shahrida 23-maydan buyon aholi orasida ham, kasallangan shaxslar bilan muloqotda bo‘lganlar orasida ham muntazam ravishda koronavirus infeksiyasini yuqtirib olganlar aniqlanmoqda, biroq shaharning epidemiologik toifasi hozircha o‘zgargani yo‘q. Prezident raisligida 26-may kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishidan so‘ng Toshkent “qizil” hududga aylanishi mumkinligi ta’kidlangan edi, amalda bunday bo‘lmadi.

Epidemiologik vaziyat sezilarli og‘irlashganiga qaramay, Toshkent shahrining epidemiologik toifasi o‘zgartirilmayotgani yuzasidan hozirgacha biror rasmiy tushuntirish berilganicha yo‘q. Respublika maxsus komissiyasining hududlarni “yashil”, “sariq” va “qizil” toifalarga ajratib chiqish haqidagi qarorida poytaxt uchun biror istisno nazarda tutilganmi yoki yo‘q — noma’lum.