Toshkentdagi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida 6-iyun, shanba kuni koronavirusga chalingan 21 nafar bemor sog‘ayib, reabilitatsiyaga kuzatildi, deb xabar bermoqda SSV matbuot xizmati.
Tuzalganlarning 13 nafari erkaklar, 8 nafari ayollar bo‘lib, yoshi kattasi 72, kichigi esa 10 yoshda. Hududlar kesimida olinsa, 9 nafari Toshkent shahridan, 2 nafari Samarqand viloyatidan, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlaridan 3 nafardan, Buxoro, Farg‘ona, Surxondaryo va Andijon viloyatlaridan 1 nafardan bemor tuzaldi.
Toshkent shahrida shu paytga qadar sog‘ayganlar soni 1374 nafar tashkil qilgan bo‘lsa, endilikda ular 1395 nafarga yetdi. Davolanayotganlar soni 563 nafarni tashkil etmoqda.
O‘zbekistonning yetti hududidagi tibbiyot muassasalarida jami 779 nafar bemor davolanishda davom etmoqda.
Shunday qilib, O‘zbekiston bo‘ylab koronavirusdan sog‘ayganlar 3268 nafarga yetdi. Bundan avval sog‘ayganlar soni 3247 nafarga yetgani xabar berilgandi.
Eslatib o‘tamiz, 6-iyun soat 17:00 holatiga ko‘ra, respublikada koronavirus aniqlanganlar soni 4064 nafarni tashkil qilmoqda. Shuningdek, koronavirus qurbonlari soni 17 nafarga yetdi.