Toshkentning Amir Temur xiyoboni, Buxoro va Nuroniylar ko‘chalari oralig‘ida joylashgan “Gazetalar ishlab chiqarish majmuasi binosi qismi” hamda Buxoro ko‘chasi, 10-uy manzilidagi sobiq Sverdlov nomidagi konsert zali (birja binosi) Forsa Barsa kompaniyasiga tanlovsiz, to‘g‘ridan to‘g‘ri “nol” qiymatda taqdim etilmoqda.
“Kun.uz”ning yozishicha, Forsa Barsa kompaniyasi ushbu binolarni kelgusi 5 yilda 15 million dollar miqdorida investitsiya kiritib, to‘liq rekonstruksiya qilish majburiyatini olgan. Kompaniya ushbu obyektlar negizida gastrol-konsert faoliyatini tashkil etishi va kamida 150 ta yangi ish o‘rnini yaratishi lozim.
Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registri ma’lumotlariga ko‘ra, Forsa Barsa’ning asosiy faoliyat turi makaron mahsulotlari va shunga o‘xshash unli mahsulotlar ishlab chiqarish. Kompaniyaning 97 foizi Mubin O‘tbosarovga tegishli. Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, O‘tbosarov “Savdogar-bank” kuzatuv kengashi a’zolaridan biri hisoblanadi. U bank kuzatuv kengashida Dinus Non qo‘shma korxonasi vakili sifatida ko‘rsatilgan.
Dinus Non’ning asosiy faoliyat turi — non, xamirdan yangi tayyorlangan qandolat mahsulotlari, tort ishlab chiqarish. Dinus Non’ning ta’sischilari qatorida Habibullo Yo‘ldoshev bor, o‘z navbatida Yo‘ldoshev “Xorazm shakar”ning kuzatuv kengashi a’zosi. Shakar zavodi kuzatuv kengashidagi Egambergan O‘roboyev, Fyodor Kim, ijro organi rahbari Fazliddin Sirojiddinov esa “Savdogar-bank”ning ham kuzatuv kengashi a’zolaridir. Ayni vaqtda ularning barini “Ilk plyus” investorlar uyushmasi birlashtirib turadi.
Bloger @davletovuz ushbu yangilikka munosabat bildirarkan, Forsa Barsa kompaniyasiga taqdim etilayotgan joylarning “sotixi tillaga teng” ekanini qayd etib o‘tgan: “Shu joylarni qalovini topib, 15 million dollarga sotsa ham bo‘ladigan, sotixi tillaga teng yerlar”.
Avvalroq “Gazetalar ishlab chiqarish majmuasi binosi qismi”ning yonidagi (“Poytaxt” savdo markazi oldidagi) avtoturargohni ustav kapitali 40 dollar bo‘lgan Chexiya kompaniyasi kamida 25 million dollar investitsiya kiritish majburiyati bilan qo‘lga kiritgani, bu yerda to‘qqiz qavatli tijoriy bino qurilishi haqida xabar berilgan edi.
Ma’lum bo‘lishicha, ta’sischilari orasida O‘zbekiston fuqarolari ham bo‘lgan Chexiya kompaniyasi ushbu maydonni Toshkentda investitsion muhitni yaxshilash bo‘yicha tajriba o‘tkazilgan 2018-yilning 15-avgustidan 2019-yilning 15-avgustigacha bo‘lgan oraliqda — 2019-yil 28-martida qo‘lga kiritgan. Bu davrda shahar hokimligi investitsion faoliyat uchun yer uchastkalarini va davlat mulki obyektlarini ularning maydonidan qat’i nazar to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralardan so‘ng shartnoma imzolash orqali taqdim etishi mumkin edi.