O‘zbekistonda epidemiya boshlanganidan buyon koronavirusni aniqlash bo‘yicha qariyb 748,5 mingta test o‘tkazildi. Bu haqda Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Botir Qurbonov 5-iyun kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum qildi. Qayd etilishicha, shundan 18,6 mingtasi so‘nggi kunda o‘tkazilgan.

Oxirgi ikki hafta davomida tasdiqlangan 937 ta kasallanish holatidan 412 nafari (47 foizi) — aholi orasidan, 525 nafari (53 foizi) — xorijdan kelgan fuqarolarda aniqlangan.

Ayni paytda epidemik vaziyat noxush bo‘lgan hududlardan kelgan va bemorlar bilan muloqotda bo‘lgan 49 117 nafar fuqaro tibbiy nazoratda bo‘lib turibdi. Ularning 26 794 nafari — uy sharoitida, 22 323 nafari — statsionar sharoitda karantinga olingan.

Botir Qurbonovning aytishicha, aholida koronavirus skriningini o‘tkazish uchun respublika bo‘yicha 45 ta PZR (polimeraz-zanjirli reaksiya) laboratoriya kompleksi, ekspress usulda ishlaydigan 75 ta PZR jihozlari kun-u tun ishlamoqda. Bu jarayonga 137 nafar tajribali vrach-virusolog jalb qilingan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston bo‘yicha koronavirusga chalinganlar soni 5-iyun soat 10:00 holatiga ko‘ra 3 965 nafarni tashkil qilmoqda. Bemorlarning 862 bemor davolanishni davom ettirmoqda, ulardan 9 nafari og‘ir, 1 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda. Shuningdek, hozirgacha 3 087 kishi sog‘aygan, bemorlarning 16 nafari esa kasallik asoratlari oqibatida vafot etgan.