AQSh prezidentining katta maslahatchisi Kellienn Konueyning ma’lum qilishicha, AQShda tizimli irqchilik mavjud, odamlarning umumiy tengligi mavjud emas. Bu haqda “RBK” xabar berdi.
“Bu mamlakatda institutsional irqchilik mavjud, barcha odamlar uchun tenglik yo‘q. O‘ylashimcha, bunga shubha yo‘q”, — deya ma’lum qilgan Konuey. U mazkur gaplarni Minneapolisda yuz bergan afro-amerikalik Jorj Floydning o‘limi bilan bog‘liq vaziyatga izoh berish vaqtida aytgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh prezidenti Donald Tramp doimiy ravishda mazkur muammoni yo‘q qilish ustida ishlamoqda, biroq irqchilik “ko‘plab odamlarning yuragida” mavjud.
Prezident maslahatchisi Jorj Floydning o‘limiga sabab bo‘lgan Minneapolisdagi politsiyaning harakatini qoralagan. “AQSh Adliya vazirligi Floydning o‘limi yuzasidan federal darajada tergov boshlaganidan xursandman. Ko‘ramiz, bundan nima chiqadi”, — deya ta’kidlagan Oq uy vakili.
AQShdagi ommaviy namoyishlar va tartibsizliklar 25-may kuni Jorj Floydning o‘limidan so‘ng boshlandi. Erkakning o‘limiga uni qo‘lga olish chog‘ida politsiyachi tomonidan uning bo‘yni tizza bilan bosib turilgani sabab bo‘lgan.
Norozilik aksiyalari butun mamlakat bo‘ylab o‘nlab shaharlarni qamrab oldi, ulardan 40 tasida komendantlik soati joriy qilindi. Tartibsizliklar qatnashchilari va politsiya o‘rtasida yuz bergan to‘qnashuvlarda o‘nlab odamlar jarohat oldi va vafot etdi. Namoyishlarni bostirish uchun AQSh Milliy gvardiyasi qo‘shinlari jalb qilindi.
Izoh (0)