AQSh hududida koronavirus bilan kasallanish va uning oqibatida yuzaga kelayotgan o‘lim holatlari kamaymoqda. Bu haqda prezident Donald Tramp Oq uyda yirik biznes vakillari bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qildi.
“Butun mamlakat bo‘ylab yangi holatlar va o‘limlar soni qisqarmoqda… Ertaga jurnalistlarga COVID-19’ga test o‘tkazish bo‘yicha katta hisobotni taqdim etamiz”, — deydi Tramp biror-bir aniq raqamlarni keltirmagan holda.
Prezidentning qo‘shimcha qilishicha, pandemiya Amerika iqtisodiyotiga jiddiy zarar yetkazgan, biroq hozirda iqtisodiyot va virusga qarshi vaksinani yaratish borasida dastlabki ko‘rsatkichlar qayd etilmoqda. “O‘ylashimcha, tez orada juda yaxshi natijalarga erishamiz. Vaksina qo‘limizda bo‘lgach, uni zudlik bilan tarqata olamiz”, — deydi Oq uy rahbari.
Jons Hopkins universiteti ma’lumotlariga ko‘ra, AQShda koronavirus bilan kasallanganlar soni 1,745 million kishidan oshgan. O‘tgan bir sutka ichida yana 22,6 ming kishida virus aniqlangan. Hozirga qadar mamlakatda 406 ming amerikalik koronavirusdan davolanishga muvaffaq bo‘lgan, 102,7 ming kishi COVID-19 qurboniga aylangan.
Izoh (0)