Boks bo‘yicha og‘ir vazn toifasida WBC chempionlik kamari sohibi Tayson Fyuri so‘nggi bir yillikdan bokschilar orasida eng ko‘p daromad topdi.
Forbes nashri 2019-yil 1-iyunidan 2020-yil 1-iyuniga qadar bo‘lgan muddatda eng ko‘p daromad qilgan sportchilar reytingini e’lon qildi. Bu vaqt ichida 57 million dollar ishlab topgan Fyuri ro‘yxatning 11-pog‘onasidan joy oldi. Uning 50 millioni gonorar bo‘lsa, 7 millioni reklamadan tushgan mablag‘ hisoblanadi.
MMA jangchilar orasida eng ko‘p pul topgan sportchi Konor Makgregor bo‘ldi. U 48 million dollar daromad bilan umumiy reytingning 16-pog‘onasiga joylashdi. Irlandiyalik yakkakurashchi kuchli yuzlikdan o‘rin olgan yagona MMA vakili bo‘ldi.
Boks bo‘yicha og‘ir vaznda WBA, WBO, IBF va IBO kamarlari sohibi Entoni Joshua (47 million dollar) 19-o‘rinda qayd etildi. Yana bir og‘ir vazn vakili Deontey Uaylder (46 mln) 20-o‘rinni band etdi. Shuningdek, o‘rta vazn toifasida WBA chempioni Saul “Kanelo” Alvares (37 mln) 30-o‘rinni egalladi.
Izoh (0)