Namangan viloyatida joriy yil 10-iyunidan bolalar oromgohlari o‘z faoliyatini boshlashi ko‘zda tutilmoqda. Bu haqda viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi bo‘lim boshlig‘i Qosimjon Xolboyev ma’lum qildi, deya xabar beradi “Daryo” muxbiri Azizbek Abduvaliyev.
Xolboyevga ko‘ra, Namanganda jami 8 ta oromgoh bolalarni qabul qiladi. Ular qatorida viloyatning eng bahavo go‘shalarida joylashgan Kosonsoy tumanidagi “Sohil” va “Olmazor”, Yangiqo‘rg‘on tumanidagi “Kamalak” va “Lola”, Chust tumanidagi “Barkamol avlod” oromgohlari bor.
“Jami 5400 nafar bolani 4 navbatda qabul qilishni rejalashtirganmiz. Oromgohlar 1-iyunga qadar shay holatga keltiriladi. Ularda kunda ikki mahal bolalarning harorati o‘lchanishi, niqoblarda bo‘lishlari va antiseptik vositalardan foydalanishlari, eng asosiysi, ijtimoiy masofaning saqlanishi doimiy nazoratda bo‘ladi. Buning uchun har bir oromgohga mas’ul xodimlar biriktirilgan”, — deydi Qosimjon Xolboyev.
Izoh (0)