Uzbekistan Airways yo‘lovchi samolyotlari yuk tashuvchi samolyotlarga aylantiriladi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, yuk tashishga ortib borayotgan talabni qondirish, shuningdek, yo‘lovchi qatnovlari butunlay to‘xtatilgani munosabati bilan Uzbekistan Airways AJ boshqaruvi tomonidan vaqtinchalik saqlanib turgan Boeing-767-300-ER samolyotlarini Boeing-767-300-PTC yuk tashuvchi samolyot turiga aylantirishga qaror qilingan.
Ushbu jarayon salonlardan yo‘lovchi o‘rindiqlarini olib tashlash va bo‘shagan joylardan yuklarni tashishda foydalanishni o‘z ichiga oladi. Bu esa yuqori palubaga qo‘shimcha 20 tonnagacha yuk ortish va taqdim etiladigan tijorat yuklari umumiy hajmini 180 kubometrga oshirish imkonini beradi.
Ta’kidlanishicha, yuk samolyotiga aylantirish jarayoni Uzbekistan Airways Technics kuchlari tomonidan barcha talablarga rioya etilgan holda Boeing kompaniyasining hujjatlariga muvofiq amalga oshirilgan.
Ushbu samolyotlarning dastlabki variantini tijoriy maqsadda ishga tushirish 21-aprel kuniga rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirus sabab xalqaro yo‘nalishlarda yo‘lovchi tashish 20-martdan boshlab 40 kun muddatga to‘xtatilgandi.
Izoh (0)