O‘zbekiston axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati vazirlik tasarrufidagi “O‘zbekiston pochtasi” kompaniyasining 20-apreldan boshlab xalqaro aviapochta jo‘natmalarini yuborishni qisman tiklaganini xabar qildi.
Xabarga ko‘ra, fuqarolardan va yuridik shaxslardan 38 ta davlatga xalqaro aviapochta jo‘natmalarni qabul qilish boshlangan.
Yuk tashishni amalga oshiruvchi aviaqatnovlar orqali 2020-yil 20-apreldan 1-iyungacha dunyoning 38 davlatiga “Ekstra” tarif rejasi asosida xalqaro aviapochta jo‘natmalarining yetkazib berilishi yo‘lga qo‘yilgan.
“O‘zbekiston pochtasi” 5-mart kuni koronavirus tarqalgani tufayli Xitoydan pochta jo‘natmalari kechikib kelishi haqida ogohlantirgan, 20-martdan boshlab esa koronavirus tarqalishining oldini olish bo‘yicha respublika maxsus komissiyasi tomonidan e’lon qilingan karantin tartibi vaqtida pochta jo‘natmalarini yerusti transporti orqali boshqa davlatlarga yuborayotgan edi.
Izoh (0)