AOKA huzuridagi shtabda 20-aprel kuni o‘tkazilgan brifingda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi inspektori Gulruh Niyozmetova ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari va aholi tomonidan yo‘llangan savollarga javob qaytardi. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabar bermoqda.
Vazirlik vakili buxorolik fuqarolardan birining “Karantin sababli asosiy ish joyimdan ish haqi saqlanmagan holda ta’tilga chiqarib yuborishdi. Shaxsiy avtomobilimda ‘dostavka’ bilan shug‘ullanadigan firmada ishlashim mumkinmi? Bu ish stajiga o‘tadimi va mehnat daftarchamga yoziladimi?”, — degan savoliga atroflicha javob berdi.
“Xodim karantin chora-tadbirlari belgilangan vaqtda o‘z hisobidan ta’til olgan bo‘lsa, mazkur mehnat ta’tili uning muddatidan qat’iy nazar xodimning ish stajiga kiradi. Shuningdek, o‘rindoshlik asosida hamda bir necha kasbda va lavozimda ishlash tartibi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq, xodimning o‘zining asosiy ishini bajarishidan tashqari asosiy ishidan bo‘sh vaqtida mehnat shartnomasi asosida boshqa haq to‘lanadigan ishni bajarishi mumkin. Xodimning iltimosiga ko‘ra, o‘rindoshlik asosidagi ish uning mehnat daftarchasiga kiritiladi hamda ishlagan davri mehnat staji hisoblanadi”, — dedi Gulruh Niyozmetova.
Izoh (0)