Shavkat Mirziyoyev 14-aprel, seshanba kuni global inqiroz va pandemiya sharoitida O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi oldida turgan dolzarb vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi avvalida karantinni bekor qilish masalasiga to‘xtalib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Davlat rahbarining ta’kidlashicha, pandemiya va karantin bilan bog‘liq mavjud qiyinchiliklarga qaramasdan, aholi tushkunlik va sarosimaga tushgani yo‘q. Mamlakatda faoliyat yuritayotgan biron-bir tizim to‘xtab qolmadi. Vaziyatdan kelib chiqib, aholining sog‘lig‘ini o‘ylab, ish boshqa shaklda tashkil etilmoqda. Aqliy mehnat, ta’lim-tarbiya bilan bog‘liq faoliyat turlari masofadan turib, onlayn rejimda olib borilmoqda.
“Albatta, biz yaxshi tushunamiz, uyda o‘tirish oson ish emas, lekin biz ayni paytda elimizning sog‘lig‘ini va hayotini saqlab qolish uchun eng maqbul vosita sifatida shu tavsiyaga amal qilishga majburmiz. Biz karantinni qachon bekor qilishni xalqimiz bilan bamaslahat, har tomonlama chuqur o‘ylab va tahlil qilib, albatta, ko‘rib chiqamiz”, — dedi Mirziyoyev.
Davlat rahbari, shuningdek, bu vaqtinchalik qiyinchilik ekanligini, u albatta, yengib o‘tilishini ta’kidladi.
“Buyuk shoirimiz Abdulla Oripov qalamiga mansub, hammamiz g‘urur bilan kuylaydigan Davlat madhiyamizda ‘Ulug‘ xalq qudrati jo‘sh urgan zamon’, degan chuqur ma’noli so‘zlar bor. Chindan ham, mana shunday murakkab va sinovli damlarda biz ulug‘ va mehnatkash xalqimizning qudrati, aql-zakovati va sabr-matonati, mehr-oqibati va samimiyati bilan ushbu og‘ir sinovlarni ham, albatta, yengib o‘tamiz”, — dedi Prezident.
Izoh (0)