Shavkat Mirziyoyev 14-aprel, seshanba kuni, global inqiroz va pandemiya sharoitida O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi oldida turgan dolzarb vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi avvalida koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash doirasida mamlakatda amalga oshirilayotgan ishlarga yana bir bor alohida to‘xtalib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Davlat rahbari, xususan, Respublika komissiyasi mutasaddi vazirlik va idoralar bilan birga joylardagi hokimlar, sektorlar rahbarlarining koronavirus tarqalishining oldini olish hamda uning iqtisodiyot va insonlar hayotiga salbiy ta’sirini imkon qadar cheklash uchun mas’uliyatini yanada oshirish choralarini kuchaytirishi kerakligini ta’kidladi.

“Ayniqsa, hokimlar va sektor rahbarlari aholining eng muhim hayotiy ehtiyojlarini to‘liq ta’minlash, narx-navoning oshib ketmasligiga erishish va kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlar samaradorligi uchun shaxsan javob beradi.

Ayni paytda kam ta’minlangan, ehtiyojmand va yordamga muhtoj oilalarga muruvvat va saxovat ko‘rsatish, ularning holidan xabar olish, bu kabi ezgu tashabbuslarni ko‘paytirish joylardagi barcha mutasaddi rahbarlarning asosiy vazifalaridan biri bo‘lmog‘i lozim”, — dedi Prezident.

14-aprel holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 1113 kishiga yetdi, bermorlarning 99 nafari butunlay sog‘aydi, to‘rt kishi kasallikdan  vafot etdi.