Samarqand viloyatining Oqdaryo tumanidagi fuqaro xonadonida noqonuniy ov quroli saqlanayotgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda “Daryo”ga viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.
Oqdaryo tuman IIB tezkor xodimlari tumandagi “Uchtepa” mahallasida yashovchi B.T.ning yashash uyida noqonuniy qurol saqlanayotganligini aniqlagan. Fuqaro B.T.ning uyidan chiqqan noqonuniy qurol 1958-yilda ishlab chiqarilgan IJ-56-3 rusumli o‘qotar ov qurol ekanligi aniqlanib, ashyoviy dalil tariqasida hujjatlashtirib olingan.
Samarqand viloyat IIB ekspert kriminalistika bo‘limining xulosasiga ko‘ra, ushbu qurol otish uchun yaroqli ekanligi ma’lum bo‘lgan.
Mazkur holat yuzasidan tuman IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 248-moddasi (Qurol, o‘q-dorilar, portlovchi moddalar yoki portlatish qurilmalariga qonunga xilof ravishda egalik qilish) 1-qismi (Tegishli ruxsatnomasiz o‘qotar qurol, shuningdek, o‘q-dorilar, portlovchi moddalar yoki portlatish qurilmalari tayyorlash, olish, olib yurish, saqlash, olib o‘tish yoki jo‘natish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh (0)