Italiyada yangi turdagi koronavirusni yuqtirib olgan har 20-bemor vafot etmoqda, deya xabar bermoqda “RBK”.

Niqob taqqan erkak Rimdagi Kolizey oldidan o‘tmoqda.

Foto: AFP

8-mart, yakshanba kuni Italiyada koronavirus oqibatida vafot etganlar soni 366 kishiga yetdi, bu mamlakatda koronavirusga chalingan 7,3 ming kishining 4,96 foizini tashkil etadi. O‘lim holatlarining foiz ko‘rsatkichi bo‘yicha ikkinchi o‘rinda AQSh turibdi — u yerda 472 kishida koronavirus aniqlangan, ularning 19 nafari (4,03 foizi) vafot etgan.

Xitoy uchinchi o‘rinda (3,83 foiz), Eron esa to‘rtinchi pog‘onani band etgan (2,96 foiz). “RIA Novosti” agentligining qayd etishicha, eng kam o‘lim holatlari Janubiy Koreyada — u yerda koronavirusni yuqtirib olganlarning faqat 0,68 foizi vafot etmoqda.

Ayni vaqtda, koronavirusga chalinganlar sonining foiz ko‘rsatkichi bo‘yicha Janubiy Koreya dunyo birinchi bo‘lib turibdi — u yerda har 1 million aholiga 142,1 nafar tasdiqlangan bemor to‘g‘ri kelmoqda. Ikkinchi o‘rinda — Italiya (121,9 bemor), uchinchi o‘rinda— Eron (80,9 bemor), to‘rtinchi o‘rinda esa Xitoy (58,3 bemor).

Kuni kecha Italiya bosh vaziri Juzeppe Konte koronavirus infeksiyasi tarqalishi munosabati bilan mamlakatning 14 ta provinsiyasida kirish-chiqishni yopgan edi. 3-aprelga qadar yopilgan hududlar orasida Lombardiya, Rimini, Modena, Novara va boshqalar bor. Bundan tashqari, 14 ta provinsiyada maktablar, muzeylar, sport zallari yopilgan, diniy marosimlar to‘xtatilgan.