Rossiya Tergov qo‘mitasi tomonidan qo‘lga olingan “Rosselxoznadzor”ning Buryatiya Respublikasi va Irkutsk viloyati bo‘yicha boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Vladimir Juravlev tintuv vaqtida dalillardan birini yutib yubordi. Amaldor bir guruh shaxslar tomonidan pora olishda ayblanmoqda. Bu haqda Meduza xabar berdi.
Qayd etilishicha, amaldor taxminan 160 ming rubl (2400 dollar) pora olgan.
Voqea aks etgan videoda Vladimir Juravlev dalillardan qutulish uchun qog‘ozni chaynab, yutishini ko‘rish mumkin. U qog‘ozni darhol yuta olmagan va qog‘oz tomog‘iga tiqilib qolgan.
Tergov qo‘mitasi tomonidan qayd etilishicha, kichik qog‘oz bo‘lagida raqamlar bo‘lgan.
Tergov qo‘mitasi amaldor va bir guruh shaxslarni oldindan til biriktirib, 160 ming rubl miqdorida pora olganlikda ayblamoqda. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ayblanuvchi Rossiya qishloq xo‘jaligi inspeksiyasining mintaqaviy filialidagi hamkasblari bilan birgalikda ushbu pul evaziga tadbirkorga yog‘och eksport qilish uchun fitosanitariya sertifikatlarini tezda tayyorlab bergan.
Ushbu idora boshlig‘i o‘rinbosarining xonasida tintuv o‘tkazishda unga pora sifatida berilgan 160 ming rubl pul va boshqa gumondorning ofisidan esa giyohvand modda topilgan.
Izoh (0)