XX asrning birinchi yarmida Markaziy Osiyoda Sovet hokimiyatining qaror topishi va bu mintaqada yuz bergan oʻzgarishlar fotosuratlarda eng kam yoritilgan bosqichlardan biri. Aynan shu bois oʻsha davrda kam sonli fotosuratchilar tomonidan keyingi avlodlar uchun asrab qolingan kadrlar, ayniqsa, qadrli hisoblanadi. Ana shunday fotograflardan biri — Maks Penson boʻlib, uning taqdiri dramatik va qaygʻuli kechgan.
Penson yosh Oʻzbekiston hayoti haqida qiziqarli va ta’sirchan fotoreportajlar tayyorlagan va oʻn yilliklarini batafsil hujjatlashtirgan.
Maks Penson 1893-yilda hozirgi Belarus hududida tugʻilgan. Ammo yahudiylarga nisbatan kuchaygan zo‘ravonlik va antisemitizm sababli vatanni tark etishga majbur boʻlgan. U Birinchi jahon urushidan so‘ng 1917-yilda Qo‘qonga qochib keladi va keyinchalik Sovet Oʻzbekistoni deb ataladigan hududga joylashadi.
U san’atdan dars bera boshlaydi va mehnati evaziga sovg‘a tariqasida birinchi fotoapparatini oladi. Ana shu tariqa avval havaskor, keyinchalik esa professional fotografga aylanadi. Uni “Sharq haqiqati” gazetasiga ishga olishadi, u yerda mahalliy aholi hayotidan voqealarni suratga oladi.
Penson, shuningdek, Sovet hokimiyatining texnologik taraqqiyotdagi yutuqlari va orqada qolgan respublikaning zamonaviy Oʻzbekiston SSSRiga aylanishini aks ettiruvchi “ideologik fotosuratlar”ni ham yaratgan. Undan har kuni kamida bir rulon plyonka suratga olish talab qilingan — u bu vazifani bajargan va mintaqadagi barcha voqealarni hujjatlashtirgan. Odatda u 35 millimetrlik fotoplyonkali kameradan foydalangan, ba’zida esa keng formatdagi shisha plastinkalardan ham ishlar qilgan.
1939-yilda Penson Katta Fargʻona kanalining qurilishini suratga olgan. 270 kilometrli suv arteriyasining qurilishi miqyosi jihatidan fir’avnlar maqbaralari barpo etilishi bilan teng edi. Kanal atrofdagi daryolarni janubiy Oʻzbekistondagi paxta dalalariga yoʻnaltirib, ularni suv bilan ta’minladi, ammo bu keyinchalik ekologik fojia — Orol dengizining qurib borishi va sayozlashuviga olib keldi.
Penson nafaqat geografik, balki madaniy va ijtimoiy oʻzgarishlarni ham suratga olgan. Taniqli fotolarda Toshkent koʻchalarida burqaga oʻralgan ayollar aks etgan boʻlsa, keyinchalik ularning oʻrnini yuzi ochiq, qoʻlida kitob ushlagan, doʻppili qizlar egallaydi.
Afsuski, urush tugashi Penson hayotiga ijobiy burilish olib kelmadi. 1940-yillarning oxirida u “Sharq haqiqati” gazetasidan boʻshatiladi. Ish topa olmaydi, qashshoqlikda yashaydi va umidsizlikdan 1959-yilda hayotiga nuqta qo‘yadi.
“Daryo” ushbu mashhur fotografning O‘zbekiston tarixini aks ettiruvchi mashhur fotosuratlarini ulashadi. Suratlar MyTashkent saytidan olingan.