Sobiq moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov bosh vazirning moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga o‘tkazilgani haqida Prezident farmoni qabul qilindi.
Prezident matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, Jamshid Qo‘chqorov O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari — O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot va sanoat vaziri lavozimiga tasdiqlangan va shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining o‘rinbosari — O‘zbekiston Respublikasi moliya vaziri lavozimidan ozod etilgan.
Shuningdek, Timur Ishmetov O‘zbekiston Respublikasi moliya vaziri lavozimiga tasdiqlangan va shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi moliya vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etilgan.
Omonullo Nasriddinxo‘jayev O‘zbekiston Respublikasi moliya vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan.
Shuningdek, Farhod Arziyev O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangani ham rasman tasdiqlandi.
Ilhomjon Ne’matov O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi va shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi.
Avval ushbu tayinlovlarning amalga oshgani haqida xabarlar berilgan, biroq ushbu rokirovkalarning rasman tasdiqlanishi uchun Prezident farmon va qarorlari qabul qilinishi lozimligi qayd etilgandi.
Izoh (0)